“Odisseya” premerasi rekord daromad bilan boshlandi

Kristofer Nolanning uzoq kutilgan “Odisseya” filmi premera oldidan o‘tkazilgan namoyishlar orqali 17,6 million AQSH dollari daromad yig‘ib, 2026 yilning eng muvaffaqiyatli startini qayd etdi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, film oldindan chipta savdosi bo‘yicha shu paytgacha yetakchilik qilib kelgan “O‘yinchoqlar tarixi 5” animatsion filmini ortda qoldirdi. Taqqoslash uchun, Nolanning 2023 yilda “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan “Oppengeymer” filmi premera oldidan 10,5 million dollar daromad to‘plagan edi.
“Odisseya” 17 iyuldan boshlab keng ekranlarga chiqdi. Tahlilchilarga ko‘ra, film ilk prokat haftasi yakuniga qadar 90–100 million AQSH dollari miqdorida kassa yig‘imini amalga oshirishi mumkin.
Agar ushbu prognoz o‘z tasdig‘ini topsa, “Odisseya” Kristofer Nolanning 2012 yilda namoyish etilgan “Qora ritsar: Afsonaning tug‘ilishi” filmidan keyingi eng muvaffaqiyatli debyutiga aylanadi. Eslatib o‘tamiz, mazkur film ilk hafta yakunida 160 million AQSH dollari daromad yig‘gan edi.
Mutaxassislar esa “Odisseya” ham yilning eng katta kinohitlaridan biriga aylanishini taxmin qilmoqda.






























Izohlar 0
…