
AQSHning mashhur multseriali — «Fines va Ferb» 2026 yili yangi mavsum bilan tomoshabinlar qarshisiga chiqadi. Bu haqda Peopletalk nashri ma’lum qildi.
Multfilm yaratuvchilari ma’lum qilishicha, sevimli qahramonlarimiz – ixtirochi aka-uka Fines va Ferb yana 104 kunlik yoz ta’tilida ajoyib va kulgili voqealarga bosh qo‘shishadi. Ularga albatta doimgidek do‘stlari hamroh bo‘ladi. Katta opalari Kendis esa ularni fosh etish harakatlaridan to‘xtamaydi.
Uy hayvoni – sirli agent utkonos Perri esa yana dunyo xavfsizligini ta’minlash yo‘lida doktor Fufelshmertsning makkor rejalarini barbod qilishda davom etadi.
Yangi mavsum rasman 2026 yilda Disney+ striming platformasida namoyish etiladi. Shuningdek, serial mualliflari «Cartoonified with Phineas and Ferb» deb nomlangan yangi videoloyiha ustida ham ish olib bormoqda. Unda turli yulduzlar multfilm uslubidagi suhbat formatlarida ishtirok etadilar. Ilk mehmon — aktrisa Kayli Kentrall bo‘ldi.
Multseriya haqida qisqacha
Eslatib o‘tamiz, «Fines va Ferb» multseriali 2007 yildan 2015 yilgacha efirda bo‘lgan va 140 qismdan iborat. U «Emmi» mukofotiga sazovor bo‘lgan va yillar mobaynida bolalar hamda kattalarning sevimli loyihasiga aylangan. Shuningdek, serial asosida bir nechta spin-offlar va to‘liq metrajli filmlar ham yaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!