date

Jennifer Lopez: Afflek bilan ajralish hayotimdagi eng yaxshi qaror

Jennifer Lopez: Afflek bilan ajralish hayotimdagi eng yaxshi qaror

Jennifer Lopez o‘zining Ben Afflek bilan ajrashganini «hayotdagi eng yaxshi voqea» sifatida ta’rifladi. Xonanda va aktrisa 2024 yil bahorida rasman turmushdan ajrashganini e’tirof etdi.

U CBS News Sunday telekanaliga bergan intervyusida shaxsiy hayotidagi qiyinchiliklar uning “O‘rgimchak ayolning o‘pishi” filmidagi ishiga ham ta’sir ko‘rsatganini aytib o‘tdi. Bu filmda Afflek va uning eng yaqin do‘sti Mett Deymon ijrochi prodyuser sifatida ishtirok etgan edi. Lopez: «Ayni paytda ham eng yaxshi, ham eng og‘ir kunlarim bo‘lgan. Rolni ijro etarkanman, o‘zimni baxtli his qilardim, ammo uyga qaytgach, bu tuyg‘ular yo‘qolardi. Faqat “bundan qanday chiqaman?” deb o‘ylardim», — deya esladi.

San'atkor barcha qiyinchiliklar unga faqat kuch qo‘shganini, natijada o‘zini erkin va xursand his etayotganini ta’kidladi. «Rostini aytsam, bu men bilan sodir bo‘lgan eng yaxshi voqea edi. Chunki u meni o‘zgartirdi, o‘sishimga va o‘zimni anglashimga yordam berdi. Hozir o‘zimni o‘tgan yildagidan butunlay boshqa inson deb bilaman», — dedi u.

2025 yil yozi Lopez uchun yolg‘iz o‘tgan ilk mavsum bo‘ldi. U bu davrni hayotining yangi bosqichi deb atadi: «Men hayotdan ko‘proq zavq ola boshladim. Quvonch degani — yashash, har daqiqadan bahramand bo‘lish va hayot bergan barcha g‘alabalar hamda saboqlarni bag‘riga bosishdir. Og‘ir kunlar ham saboq va men buni endigina to‘liq tushunyapman».

Ben Afflek ham o‘z navbatida munosabatlarning yakun topishi haqida fikr bildirgan. Uning ta’kidlashicha, ajrashishga hech qanday janjal yoki nizo sabab bo‘lmagan. «Ko‘pchilik ajrashish uchun o‘ziga xos sabab qidiradi. Lekin haqiqat ko‘p o‘ylanganidan ancha oddiy: munosabatda odamlar doimo bir xil fikrda bo‘lavermaydi. Men tabiatan ehtiyotkorroqman, munosabatda ham shunday bo‘ldi», — dedi aktyor.

Ma'lumot uchun, Lopez 2024 yil yozida rasman ajrashish uchun ariza topshirgan. Qizig‘i shundaki, hujjat 20 avgust kuni berilgan — aynan ikki yil avval ular to‘y marosimini o‘tkazgan sana. Sud hujjatlarida ajrimning rasmiy sanasi 2024 yil 26 aprel deb qayd etilgan.

Lopez sobiq turmush o‘rtog‘idan moliyaviy yordam so‘ramasdan, suddan ham bunday imkoniyatni rad etishini iltimos qilgan.

Eslatib o‘tamiz, juftlik 2002 yilda tanishib, hatto nikohga kirishishgan, ammo 2004 yilda yo‘llarini ajratishgan. Ular 2021 yilda yana birlashib, 2022 yil aprelida rasman turmush qurishgan.

Bu Lopez uchun to‘rtinchi, Afflek uchun esa ikkinchi nikoh edi. Xonandaning Mark Entonidan bir o‘g‘li va bir qizi, Afflekning esa Jennifer Garner bilan uch farzandi bor.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Jennifer Lopez: Afflek bilan ajralish hayotimdagi eng yaxshi qaror