22:07 / 09.02.2017
8 157

Rayhon: "Endi bizning 5 nafar farzandimiz bor" (Intervyu)

Rayhon: "Endi bizning 5 nafar farzandimiz bor" (Intervyu)

Rayhon. O‘zbek shou-biznesida shaxsiy hayoti va ijodi muxlislarni har doim qiziqtirib kelayotgan sanoqli yulduzlardan sanaladi. Bu faktni ko‘pchilik inkor etmasligiga ishonaman. Chunki, u tinmaydi. Mehnatsevar ayol. Faqat izlanishda. Muxlislari uchun yonadi. Balki, shu boisdan ham uning ijodiga “bemor”lar ancha!

Hayot turfa. Turfa savollar bilan yuzlandik, Rayhonimizga…

-Romantik kayfiyatni nimalar ulashadi sizga?

-Hatto kichik narsalar ham romantik kayfiyat ulashishi mumkin. Masalan, sevimli insoningning birgina tabassumi.

-Oilani qaysi omillar mustahkamlaydi?

-Muhabbat, o‘zaro hurmat va tushunish. Biroq, tushunmovchiliklar bo‘lib turadi. Muhimi, sevgan qalblarning o‘zaro sof tushuna olishida!

-Eringizni do‘st yo sevgilingiz sifatida ko‘rasiz?

-Do‘stim ham, sevgilim ham.

-Er-xotin o‘rtasidagi ishonch va sadoqat haqida gapiring…

-Oilaviy ruhshunos sifatidami? (Kuladi). Ishonch va sadoqatni rashk sinab turadi. Biroq, rashk sog‘lom bo‘lmog‘i kerak. Nosog‘lom rashk munosabatlarga ta’qiq qo‘yadi, erkinlikni bo‘g‘adi. Rashk bo‘lmasa ham yomon, sevgida shubha uyg‘onadi.

-Yigitali bilan munosabatlaringiz?

-Do‘stona. Kerak paytda telefonlashamiz. Ammo, bu kamdan-kam holda sodir bo‘ladi. Juda zarurat tug‘ilsa, albatta farzandlarimiz borasida suhbat qurishimiz mumkin. Unga ulkan omad tilayman. Hozir u uchun ijodi birinchi o‘rinda!

-Qaysi rassom ishlari ilhomlantiradi?

-O‘zbek rassomlari ishlarini qadrlayman. Ularning asarlari uyimda ham osig‘liq. Bobur Ismoilov, Akmal Nur ijodiga hurmatim bo‘lakcha.

-Baxt realmi yo faqat tasavvur?

-Muhabbatga va baxtga ishonaman. Baxtli insonman. Salomatman, erta tong uyg‘onaman, tinch yurtda yashayapman. Vatanim sevimli ishim, kasbim bilan shug‘ullanishim uchun keng imkoniyatlar bermoqda. Ikki nafar ajoyib farzandim, turmush o‘rtog‘im, do‘stlarim bor. Hayotda har xil holatlar bo‘ladi. Har doim «Xudoga shukur» deyman. Yaratganninng muhabbatini sezaman va shunga munosib bo‘lishga intilaman.

-Himolay yoqdimi?

-Dengiz sathidan 2000 metr balandda bo‘ldik. Monaxlarni uchratdik. O‘ziga xos hayot. Boshqa bir dunyoni ko‘rdik. Tabiati esa haqiqatan go‘zal.

-Erta bir kun sizni qanday san’atkor sifatida eslashlarini istaysiz?

-O‘zimdan iz qolishini istayman. Avlodlar qo‘shiqlarimni tinglashini, kimlardir qayta-qayta kuylashini istayman.

-Qaysi mahalda do‘stlarga ehtiyoj sezasiz?

-Har doim. Yaqin do‘stlarim Yakzon, Sogdiana, singlim va endilikda turmush o‘rtog‘im ham. Maslahatlariga quloq tutaman.

-Odamlar orasida mehr-muhabbat so‘nib borayotgandek… Sizga shunday tuyulmayaptimi?

-“Namaste, Muhabbat” – ichki holatimga juda yaqin va shu so‘nayotgan hislar davrida kerakli javob deb umid qilaman. Hayotda ko‘p yaxshiliklarni ko‘ra boshladim. Shu bois, negativ kaminadan uzoqlashganiga ancha bo‘ldi.

-Parij yo London?

-Ikkalasi ham. Tanlash qiyin. Londonda bo‘lganman, Parijda esa hali yo‘q. Biroq, tanlash murakkab!

—Sirlaringizni kim bilan bo‘lishasiz?

-Yuqorida aytib o‘tgan do‘stlarim bilan.

-Ikkinchi turmush o‘rtog‘ingizning 3 farzandi sizni qanday qabul qildi?

-Endi bizning 5 ta farzandimiz bor. Oilamiz katta! Egizaklarim va Farhodning 3 farzandi allaqachon do‘stlashishga ulgurishdi!

-Hozirgi nikohingizdagi eng omadli narsa nima?

-Muhabbat! Hayotiy tajribamiz etmadi shekilli, birinchi turmushim uzoqqa bormadi. Biroq, birinchi nikohimdan ikki beqiyos tuhfa hayotimga nur olib kirdi. Va u baxtimni butun qildi. “Baxtli bo‘laman, qachondir” deya kuylagandim. Allohga shukur, o‘sha “qachondir” keldi! Sevgilim yonimda, farzandlarim bag‘rimda, ovozim muxlislarim qalbida. Yana nima kerak?!

-Fevral konsertlaringizni kamina qatori minglab muxlislaringiz intiq kutayotgani aniq…

-Yakkaxon konsert berishni boshlabmanki, har yili muxlislarim bilan diydorlashish mening ham an’anamga aylangan! Katta mehnat, izlanish va hayajon bilan! Bu yilgi yangi dasturim ham unutilmas zavq ulashishiga umid qilaman.

-Ishonamiz, kutilganidan a’lo bo‘ladi. Chunki, shoularingiz yillarki sinovdan o‘tgan. Yana uchrashguncha, shou-biznesning iforli guli — Rayhon.

Jasur HAMROEV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Rayhon: "Endi bizning 5 nafar farzandimiz bor" (Intervyu)