Milliy kiyim kiysam lo‘li deyishadi — Juxaina Lango o‘zbek tilida so‘zlasha oladigan model qiz

Afro-o‘zbek model qiz Juhayna Lango “Omon-omon” dasturida ochilib ketdi: bolaligi, ota-onasi tarixidagi kutilmagan burilishlar va o‘zbek kinosiga bo‘lgan orzusi haqida gapirdi.
“Arablarga umuman aloqam yo‘q”
Juhayna Ummonda tug‘ilgan, lekin “arab emasman” deydi: ismi arabcha, xolos. Otasi — nigeriyalik, onasi — buxorolik, o‘zbek-tatar aralash. “Ismimni o‘zgartirib ayttirmayman, faqat buvim Juju deydi”, — dedi u.

“Dadam onamni Toshkentda ko‘rib sevib qolgan”
Otasi legioner futbolchi bo‘lib Toshkentga kelganida onasi bilan tanishib qolgan. Oilalar qarshiligiga qaramay, onasi otasi bilan ketgan. Hozir Juhayna otasi bilan deyarli aloqada emas: “Telefonda gaplashganman, lekin hayotda ko‘rmaganman”.

Navoiyda o‘sgan, yozlarda Buxoroda
U Navoiyda ulg‘aygan, ta’tillari Buxoroda o‘tgan. Rus maktabda o‘qigan bo‘lsa ham, o‘zbek tilidan “besh” olganini aytib qo‘ydi. O‘zbek, rus, ingliz, turk tillarida erkin, ozroq tojikchani ham biladi.

“Milliy kiyim kiysam, noto‘g‘ri tushunishadi”
Eng ta’sirli joyi shu bo‘ldi: “Bolaligimdan qorachaman. Milliy kiyim kiysam, meni lo‘li deb o‘ylashadi”, — dedi Juhayna. Shu sabab milliy liboslarni kam kiyishini yashirmadi.
Oliy ma’lumot va kino orzusi
Samarqandda Chet tillar universitetiga kirgan, lekin karantin payti ishlashga majbur bo‘lib o‘qishni to‘xtatgan. “Baribir bir kuni diplom olaman”, deydi. Eng katta orzusi — o‘zbek filmlarida rol o‘ynash. “Afrikalik kelin” loyihasiga taklif bo‘lgan, ammo vaqti to‘g‘ri kelmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!