Dunyoning eng kelishgan erkagi kim? “Mister Global 2026” g‘olibi aniqlandi!

Turkiya vakili Dilhan Divrikli Tailandda o‘tkazilgan “Mister Global 2026” xalqaro erkaklar go‘zallik tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilarni ortda qoldirib, tanlovning bosh sovrini va g‘oliblik tojiga sazovor bo‘ldi.
2026 yil 10 oktyabr kuni Tailandning Nonthaburi shahridagi MCC zalida bo‘lib o‘tgan finalda ko‘plab davlat vakillari o‘zaro bellashdi. Taxminan 10 kun davom etgan tanlovda ishtirokchilar sahnadagi chiqishlari, o‘zini tutishi va muloqot qobiliyatlari bo‘yicha baholandi.
Final natijalariga ko‘ra, Nigeriya vakili Bethel Mbamara ikkinchi, Filippin vakili MJ Ordillano esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Dilhan Divrikli xalqaro tanlovga qadar ham modellik sohasida muvaffaqiyat qozongan. U avval “Top Model of Turkey 2026” tanlovida g‘olib chiqqan va shu tariqa xalqaro sahnada o‘zini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oilaviy ildizlari Turkiyaning Afyonkarahisar viloyati, Emirdag‘ tumani bilan bog‘liq bo‘lgan Divrikli Belgiyaning Bryussel shahrida istiqomat qiladi. U to‘rtta tilda so‘zlasha oladi va kelgusida aktyorlik sohasida ham faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda.
2014 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan "Mister Global" tanlovi nafaqat tashqi ko‘rinish, balki ishtirokchilarning sahnadagi mahorati, muloqot qobiliyati va shaxsiy fazilatlarini ham baholashga qaratilgan.































Izohlar 0
…