Prezidentlar qo'shma konsertda qatnashdi

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon "O'zbekiston" xalqaro forumlar saroyida an'anaviy konsertni birgalikda tomosha qildilar. Tadbirda har ikki mamlakat ijrochilari ishtirok etdi va u yetakchilar uchrashuvining samimiy muhitini namoyon etdi.
O'zbekiston va Tojikistonni ko'p asrlik yaqin aloqalar, mushtarak ma'naviy va diniy qadriyatlar, uzoq yillik an'analar hamda boy madaniy meros bog'lab turadi. Ikki xalq o'rtasidagi do'stlik, o'zaro hurmat va yaxshi qo'shnichilik rishtalari ko'plab avlodlar davomida asrab-avaylanib, mustahkamlanib kelgan.
Konsert ana shu rishtalarning yorqin ifodasiga aylandi. Uning dasturidan qardosh ikki xalqning betakror va rang-barang madaniyatlarini aks ettiruvchi milliy musiqa va sahna san'atining sara namunalari o'rin oldi.
O'zbek va tojik xonandalari, musiqachilari hamda jamoalarining qo'shma chiqishlari ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro anglashuv, ma'naviy yaqinlik va faol madaniy muloqot ramziga aylandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!