Husanov maydonda 90 daqiqa harakat qildi: City Xtra uning o‘yinini qanday baholadi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Abduqodir Husanov jarohatiga oid xavotirlarga qaramay, «Manchester Siti»ning «Fulhem»ga qarshi o‘yinida asosiy tarkibda maydonga tushib, 90 daqiqa davomida harakat qildi.
- City Xtra portali o‘zbekistonlik himoyachining o‘yinini 6,5 ball bilan baholab, uning tezligi va aniq uzatmalarini ijobiy, himoyadagi ayrim xatolarini esa salbiy jihat sifatida qayd etdi.
- Uchrashuvda eng yuqori 7 ball Elliot Andersonga, eng past 4 ball esa Erling Xolandga nasib etdi.
«Manchester Siti» o‘z maydonida «Fulhem»ga qarshi kechgan uchrashuvda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Enso Mareska shogirdlari qiyin kechgan bahsda durangga erishdi. Jarohati borligi aytilgan Abduqodir Husanov esa maydonda to‘liq harakat qildi va City Xtra portali tomonidan 6,5 ballga loyiq ko‘rildi.
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Enso Mareska uchrashuv oldidan o‘zbek himoyachisining jarohat olgani va uning maydonga tushishi so‘roq ostida ekanini bildirgan edi. Shunga qaramay, Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi va o‘yinni to‘liq o‘tkazdi.
«Shaharliklar» faoliyatini yoritib boradigan City Xtra portali futbolchilarning uchrashuvdagi harakatlarini baholab, Husanovga 6,5 ball qo‘ydi. Nashr o‘zbek futbolchisining himoyadagi ayrim xatolarini qayd etgan bo‘lsa-da, uning tezligi va aniq uzatmalarini ham alohida e’tirof etdi.
Husanovning o‘yini: tezlik va aniq paslar e’tirof etildi
City Xtra nashrining yozishicha, Husanov himoyaning o‘ng qanotida harakat qildi. U raqib hujumchisi Munisga qarshi epizodda diqqatni jamlash bilan bog‘liq muammoga duch keldi. Munis uni aldab o‘tib, xavfli golli vaziyat yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Biroq bu epizoddan tashqari, o‘zbekistonlik futbolchi himoyada ancha ishonchli harakat qildi. Uning tezligi jamoadoshlariga yordam berdi, shuningdek, hujumchilarni raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarga olib chiqishi mumkin bo‘lgan turli masofalardan aniq paslar uzatdi.
Natijada Husanovning harakatlari 10 ballik tizimda 6,5 ball bilan baholandi.
«Manchester Siti» futbolchilari qanday baholandi?
City Xtra portali uchrashuvda maydonga tushgan «Manchester Siti» futbolchilarining harakatlarini quyidagicha baholadi:
Futbolchi | Baho |
|---|---|
Janluiji Donnarumma | 6,5 |
Abduqodir Husanov | 6,5 |
Ruben Diash | 6,5 |
Mark Gei | 6 |
Niko O'Rayli | 6,5 |
Ayyub Buaddi | 6 |
Elliot Anderson | 7 |
Iliman Ndiaye | 5,5 |
Fil Foden | 6 |
Jeremi Doku | 6 |
Erling Xoland | 4 |
Rayan Sherki | 6 |
Yoshko Gvardiol | 6 |
Allan | 6 |
Anderson — eng yaxshi, Xoland — eng past baho oldi
Portal talqiniga ko‘ra, jamoa safida eng yuqori baho Elliot Andersonga berildi. U 7 ball bilan uchrashuvning eng yaxshi baholangan futbolchisi bo‘ldi.
Anderson birinchi bo‘limda o‘zini to‘liq ko‘rsata olmagan bo‘lsa-da, tanaffusdan keyin «Siti»ning o‘yinni o‘zgartirishga qaratilgan harakatlarida muhim rol o‘ynadi. Uning goli hisobni tenglashtirishga yordam berdi.
Eng past baho esa Erling Xolandga tegishli bo‘ldi. Norvegiyalik hujumchi 4 ball bilan cheklandi. City Xtra uning hisobni tenglashtirishi mumkin bo‘lgan vaziyatdan foydalana olmaganini, shuningdek, bir qator qulay imkoniyatlarni boy berganini tanqid qildi. Nashr uning goli bekor qilingan epizodni ham tilga oldi.
Mareska shogirdlari uchun qiyin uchrashuv
City Xtra baholariga qaraganda, «Manchester Siti»ning bir qator futbolchilari uchrashuvning birinchi bo‘limida kutilgan darajada o‘yin ko‘rsata olmagan. Tanaffusdan keyin esa jamoa faollashib, hisobni o‘zgartirishga harakat qilgan.
Husanov uchun esa bu uchrashuv jarohat bilan bog‘liq shubhalarga qaramay, to‘liq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. O‘zbek himoyachisi ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da, tezligi va paslari bilan jamoasiga yordam berishga harakat qildi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm

































Izohlar0
…