Jeki Chan yangi filmini Qozog‘istonda suratga olmoqda

Mashhur aktyor, rejissyor va jangovar filmlar yulduzi Jeki Chan “G‘aroyib aslahalar” film franshizasining to‘rtinchi qismini suratga olish ishlarini qo‘shni Qozog‘istonda boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, aktyor ushbu qarorni qabul qilishdan avval 2025 yilda Olmaotaga tashrif buyurib, bo‘lajak suratga olish maydonlarini shaxsan ko‘zdan kechirgan va mos manzillarni tanlab olgan.
“G‘aroyib aslahalar” Jeki Channing eng mashhur sarguzasht filmlaridan biri hisoblanadi. Kartinaning ilk qismi 1986 yilda tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Unda Chan qadimiy xazinalar va tarixiy yodgorliklarni izlovchi jasur hamda tavakkalchi qahramon obrazini mahorat bilan gavdalantirgan.
Mazkur filmni suratga olish jarayonida aktyor og‘ir baxtsiz hodisaga ham duch kelgan. Kaskadyorlik sahnalaridan birini ijro etayotgan paytda u daraxtdan sakrab tushib, bosh suyagidan jiddiy jarohat olgan. Ushbu hodisa oqibatida Jeki Channing bir qulog‘i qisman eshitmay qolgan. Shunga qaramay, u davolanishdan so‘ng suratga olish maydoniga qaytib, film ustidagi ishlarni oxiriga yetkazgan. Aynan shu voqea uning professionalligi va fidoyiligini namoyon etgan eng mashhur holatlardan biri sifatida tilga olinadi.






























Izohlar 0
…