15 yildan so‘ng Xurram va Sulaymon yana bir filmda! Premyera sanasi ma’lum bo‘ldi

«Muhtasham yuz yil» serialida Xurram va Sulaymon obrazlari orqali muxlislar mehrini qozongan Merem Uzerli va Halit Ergench 15 yildan so‘ng yangi filmda yana birlashdi.
Aktyorlar «Imrozda bahor» («İmroz'da Bahar») nomli romantik filmda bosh rollarni ijro etgan. Film voqealari Turkiyaning Imroz nomi bilan ham tanilgan Go‘kcheada orolida kechadi. Unda orolda yo‘llari kesishgan ikki insonning o‘tmishi bilan yuzlashishi, muhabbat va hayotda yangi sahifa ochish imkoniyati haqida hikoya qilinadi. Film rejissyori va ssenariy muallifi — O‘zjan Alper.
«Imrozda bahor» filmining jahon premyerasi 20 oktyabr kuni Misrda bo‘lib o‘tadigan El-Guna xalqaro kinofestivalida namoyish etiladi. Merem Uzerli va Halit Ergench ham premyerada ishtirok etishi kutilmoqda.
Filmning festival namoyishidan so‘ng Ozarbayjon va Yevropa mamlakatlari kabi hududlarni ham qamrab olgan 50 ta davlatda tomoshabinlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
«Muhtasham yuz yil» serialida Usmoniy sultoni Sulaymon va Xurram Sulton obrazlarini gavdalantirgan aktyorlarning yangi loyihada uchrashuvi serial muxlislarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.






























Izohlar 0
…