«O‘zbekfilm» hududida zamonaviy kino shaharchasi quriladi

«O‘zbekfilm» hududida zamonaviy kino shaharchasi quriladi

«O‘zbekfilm» kinostudiyasining 10 gektarlik hududida «O‘zbekfilm kino shaharchasi» tashkil etiladi. Bu haqda 26 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning kinoijodkorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Yangi kino shaharchasi kino sohasiga oid xizmatlar jamlangan yagona industrial klaster bo‘ladi. Unda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan dublyaj va ovozlashtirish markazi ham quriladi.

Belgilangan rejaga ko‘ra, ikki oy ichida malakali loyiha tashkiloti jalb qilinib, kino shaharchasining bosh rejasi va loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi. Qurilish ishlarini 2027 yil mart oyidan boshlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, kino tizimida foydalanilmayotgan davlat aktivlarini ochiq savdoga chiqarish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Uchrashuvda kinoijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, Quyi Chirchiq tumanidagi «Ko‘hinur» sihatgohi to‘liq kinoijodkorlar ixtiyoriga beriladi. Yaqinda zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, jihozlangan ushbu maskan ularning dam olishi va ijodiy g‘oyalar ustida ishlashi uchun xizmat qiladi.

Bundan tashqari, har yili kino sohasida faoliyat yuritayotgan kamida 300 nafar xodimga respublikadagi sihatgohlarda bepul dam olish va davolanish uchun yo‘llanmalar ajratiladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar