2026 yilning top-10 ta eng go‘zal aktrisalari aniqlandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Ranker platformasi foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish jarayoniga ko‘ra, 2026 yilning eng go‘zal aktrisalari reytingida Ana de Armas birinchi o‘rinni egalladi.
- Kuchli uchlikdan Margo Robbi va Sidni Suini ham joy oldi.
- Ovoz berish jarayoni hali yakunlanmagani sababli, aktrisalarning reytingdagi o‘rinlari kelgusida o‘zgarishi mumkin.
Ranker platformasida 2026 yilning eng go‘zal va jozibador aktrisalari reytingi e’lon qilindi. Ushbu ro‘yxatning o‘ziga xos jihati shundaki, undagi barcha natijalar foydalanuvchilarning ovoz berishlari asosida shakllanadi. Ovoz berish jarayoni hali yakunlanmagani bois, aktrisalarning reytingdagi o‘rinlari keyinchalik o‘zgarishi ham mumkin.
Ranker talqiniga ko‘ra, amerikalik aktrisa Ana de Armas raqiblarini ortda qoldirib, eng jozibador mashhur insonlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyingi pog‘onalardan Margo Robbi va Sidni Suini joy oldi. Quyida foydalanuvchilar eng ko‘p ovoz bergan aktrisalarning top-10 taligi bilan tanishish mumkin.
1. Ana de Armas

Raqiblaridan ko‘proq ovoz to‘plagan Ana de Armas reytingning birinchi pog‘onasidan joy oldi. Tomoshabinlar uni “Qinidan chiqqan pichoqlar”, “Tig‘ ustida yuguruvchi 2049” va “Jeyms Bond” kabi mashhur filmlardagi rollari orqali yaxshi tanishadi. Aktrisaning nafaqat go‘zal qiyofasi, balki yuksak mahorati va turli obrazlarga tezda kirishib ketish qobiliyati ham muxlislar e’tiborini qozongan. U har bir rolida o‘zini yangi qirradan namoyon eta oladi.
2. Margo Robbi

“Barbi” filmidagi muvaffaqiyatidan so‘ng Margo Robbining nomi butun dunyo bo‘ylab yanada mashhur bo‘ldi. Hatto anchadan beri kino tomosha qilmaydigan insonlar ham bugun aktrisani yaxshi taniydi. Uning yorqin tashqi ko‘rinishi, o‘ziga xos uslubi va yulduzlarga xos jozibasi Margoni boshqalardan ajratib turadigan asosiy jihatlardan hisoblanadi. Shu bois aktrisa reytingda ikkinchi o‘rinni egallagani ajablanarli emas.
3. Sidni Suini

Uchinchi o‘rin Sidni Suiniga nasib etdi. Tomoshabinlar uni “Oqsoch” va “Eyforiya” kabi loyihalar orqali yaxshi bilishadi. Bundan tashqari, aktrisa ijtimoiy tarmoqlarda ham tez-tez muhokamalar markazida bo‘lib turadi. Sidni zamonaviy kino olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan yulduzlardan biri ekani ovoz berish natijalarida ham aks etgan.
4. Jessika Alba

Jessika Alba yillar davomida o‘zining mashhurligi va jozibasini saqlab kelayotgan aktrisalardan biri. U o‘z mavqeini yuqori darajada ushlab turishni anchadan beri uddalab keladi. Moda tendensiyalari har mavsumda o‘zgarishi, yangi obrazlar va uslublar paydo bo‘lishi mumkin. Biroq Jessika reytinglarda hamon barqaror natijalar ko‘rsatmoqda. Bu esa klassik go‘zallik va o‘ziga xos joziba hech qachon urfdan qolmasligini yana bir bor namoyon etadi.
5. Skarlett Yohansson

Skarlett Yohansson ham turli janrdagi filmlarda o‘z iste’dodi va jozibasini namoyon eta olgan aktrisalardan. U katta budjetli blokbasterlarda ham, sokin va mazmunli dramalarda ham birdek e’tiborni tortadi. Tomoshabinlar uni “Tarjima mashaqqati” filmidagi roli, shuningdek, Marvel kino olamida gavdalantirgan qahramoni orqali yaxshi eslashadi. Aktrisa reytingning beshinchi pog‘onasidan joy oldi.
6. Lili Kollinz

Lili Kollinzning eng mashhur obrazlaridan biri — “Emili Parijda” serialidagi qahramoni. Ushbu obraz orqali aktrisa nafaqat aktyorlik mahorati, balki o‘ziga xos tashqi qiyofasi va uslubi bilan ham tomoshabinlar e’tiborini qozondi. Hatto uning qalin qoshlari ham alohida muhokama mavzusiga aylangan. Lili tanib olinadigan, esda qolarli obraz yaratish borasida ko‘pchilikka namuna bo‘la oladi.
7. Salma Hayek

Meksikalik aktrisa Salma Hayek ham reytingning kuchli o‘ntaligidan joy oldi. Uning o‘ziga xos jozibasi va ekrandagi xarizmasi yillar davomida muxlislar e’tiborini saqlab kelmoqda. Salmaning har bir yangi rolida uning turfa qirralari namoyon bo‘ladi, biroq aktrisaga xos joziba o‘zgarishsiz qoladi. Ushbu natija uning muxlislari orasida hamon katta qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.
8. Aleksandra Daddario

Ko‘pchilik Aleksandra Daddarioni 2017 yilda suratga olingan “Malibu qutqaruvchilari” filmi orqali yaxshi eslaydi. Biroq aktrisaning reytingdan joy olishi faqat ushbu roli bilan bog‘liq emas. Uning o‘ziga xos qiyofasi va ekrandagi ishtiroki ham tomoshabinlar e’tiborini jalb qilib keladi. Sakkizinchi o‘rindan joy olgani esa muxlislarning Aleksandraga bo‘lgan qiziqishi hali-hamon so‘nmaganini anglatadi.
9. Viktoriya Jastis

Ko‘plab tomoshabinlar uchun Viktoriya Jastis hamisha “G‘olib Viktoriya” seriali va Nickelodeon telekanali bilan bog‘liq yoqimli xotiralarni eslatadi. Uning ijodi bilan birga ulg‘aygan muxlislar bugun ham sevimli aktrisasini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Viktoriya reytingda to‘qqizinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, uning muxlislari orasidagi mashhurligi hanuz saqlanib qolgan.
10. Minka Kelli

Minka Kelli mazkur reytingning kuchli o‘ntaligini yakunladi. Albatta, bunday mashhur va iste’dodli aktrisalar jamlangan ro‘yxatda o‘ninchi o‘rinni egallashning o‘zi ham e’tiborga molik natija. Tomoshabinlar uni, asosan, “Tungi chiroqlar” seriali orqali yaxshi eslashadi. Minka reytingning so‘nggi pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa-da, muxlislarining unga bo‘lgan mehri va qo‘llab-quvvatlashi alohida e’tiborga loyiq.
Shuni ta’kidlash kerakki, Ranker platformasida ovoz berish jarayoni hali davom etmoqda. Demak, yakuniy natijalar e’lon qilinguniga qadar aktrisalarning o‘rinlari o‘zgarishi mumkin. Reytingning eng qiziq jihati esa undagi o‘rinlar hakamlar yoki mutaxassislar tomonidan emas, balki foydalanuvchilarning tanlovi asosida belgilanishidir.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…