BMT: 2025 yilda 47 ming ayol va qiz yaqinlari tomonidan o‘ldirilgan

2025 yil davomida dunyo bo‘ylab qariyb 47 ming nafar ayol va qiz o‘z turmush o‘rtog‘i, yaqin munosabatda bo‘lgan shaxsi yoki oila a’zolari tomonidan qasddan o‘ldirilgan. Bu har kuni o‘rtacha 129 nafar, har soatda esa besh nafar ayol va qiz hayotdan ko‘z yumganini anglatadi. Bu haqda BMTning 24 noyabr kuni e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi.
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda BMT-Ayollar tashkiloti tayyorlagan hisobotga ko‘ra, 2025 yilda dunyoda 78 ming nafar ayol va qiz qasddan o‘ldirilgan. Ularning 60 foizi yaqin sherigi yoki oila a’zolari qo‘lida halok bo‘lgan. Bu ayollar uchun eng xavfli joylardan biri hanuz uy ekanini ko‘rsatadi.
Yaqinlari tomonidan o‘ldirilgan ayollar soni bo‘yicha Afrika birinchi o‘rinda — 22,1 ming nafar. Keyingi o‘rinlarda Osiyo (15,1 ming), Amerika (7,4 ming), Yevropa (2,1 ming) va Okeaniya (300 nafar) qayd etilgan. Aholi soniga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkich ham Afrikada kuzatilgan.
Hisobotda bunday qotilliklar ko‘pincha uzoq vaqt davom etgan zo‘ravonlik, tahdid va tazyiqlardan keyin sodir bo‘lishi ta’kidlangan. Shuningdek, Amerika va Yevropada ayollarga nisbatan qotillik ko‘rsatkichlari umumiy qotillik holatlariga qaraganda ozroq kamaygan.
Qayd etish joiz, 2025 yildagi 47 ming nafarlik ko‘rsatkich 2024 yildagi 50 ming nafardan kam bo‘lsa-da, BMT buni zo‘ravonlik kamayganining belgisi sifatida baholamaslik kerakligini ta’kidlagan. Farq, asosan, mamlakatlarda ma’lumotlarni to‘plash imkoniyatlari yaxshilangani bilan bog‘liq.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…