00:02 / 25.07.2017
10 004

Nilufar Usmonova: kutilmagan syurpriz, volidasining maqtovi va 40 kunda 11 kilogrammga ozish...

Nilufar Usmonova: kutilmagan syurpriz, volidasining maqtovi va 40 kunda 11 kilogrammga ozish...
Bir necha oylar avval to‘rtinchi bor onalik maqomiga erishgan, o‘zbek shou-biznesining ko‘p bolali san’atkorlaridan biri Nilufar USMONOVA bilan uchrashuvimizning arzirli sababi bor. U yana ijodga qaytdi! Muxlislarini sog‘intirgan xonanda bilan "So‘g‘diyona" gazetasi intervyu uyushtirdi.

— Sizni ko‘rib turganimizdan xursandmiz! «Mu5» kanali orqali taqdim qilingan yangi musiqiy klip ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi. Ijodga qaytganingiz rostmi?
— Ha! To‘g‘risi, muxlislarim, san’atga havasmand insonlar meni bu qadar ko‘tarinkilik bilan kutib olishadi, deb o‘ylamagandim. Bu men uchun haqiqiy syurpriz bo‘ldi. Ijodga qaytganimdan benihoya xursandman!

— Qiz bolaning qadami qutlug‘ keladi deyishardi, sizda ham bilinayapti chog‘i?..
— Gapingizga yuz foiz qo‘shilaman, Sa’diyaxonning qadami fayzli keldi! Ilohim, qizalog‘imning hayoti chiroyli bo‘lsin!

— Nilufar Usmonova quruq qo‘l bilan qaytgani yo‘q, bilishimcha. Yangi rejalar, ehtimol ijodiy guruhda ham o‘zgarishlar bo‘lar?
— Albatta! Ijodiy guruhimiz bilan birgalikda tuzgan rejalarimiz ko‘p. Ayni kunlarda ikkita katta loyiha ustida ish olib borilayapti. Ulardan biri tanlov tarzida bo‘lib, televidenie orqali namoyish etiladi. Hozircha shugina ma’lumotni aytolaman, xolos. Qolganini vaqti-soati bilan bilib olasiz. Ikkinchi loyihamiz esa bu, yakkaxon konsert dasturi!

— Mana buni yangilik desa bo‘ladi! Shu yil konsert berasizmi?
— Nasib qilsa shunday. Ammo menga qolsa, shoshilmaganim ma’qul. O‘zim xohlagandek tayyorlanishim uchun menga vaqt kerak. Men Yulduz Usmonova emasman-da, qirq kunda konsert dasturini havola etadigan. Balki 2018 yilning avvalida havola qilarmiz dasturni.

— Bir necha yil tanaffus qilgan bo‘lsangiz-da, bekor o‘tirganingiz yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlar, innernetda yangi ijod namunalari joylab turilganini bilamiz. Nega ulardan birini premera qilmay, ispancha qo‘shiqqa ishlangan klipni tanladingiz?
— Rostini aytsam, «Mu5» telekanalidagi musiqiy klip taqdimotidan xabarim yo‘q edi. Kanal ijodkorlarining men uchun atalgan sovg‘asi bu. Hozir ham ijodga qaytdim deya birorta telekanalga kliplarimni bermadim, rosti. Besh yillik tanaffus vaqtimda ko‘p o‘zgarishlar bo‘libdi. Negaki, avvallari televidenieda klip premera qilinishining moliyaviy tomonlari bo‘lib, bu o‘z-o‘zidan hal etilmasdi. Ijodimni hurmat qilgan, qadrlagan insonlar bor ekanki, mana o‘zimga ham aytmasdan meni muxlislarim bilan yuzlashtirishdi.

— Boshqa telekanallardan ham so‘rashayotgandir yangi kliplaringizni?
— So‘rashayapti, ammo hali birortasiga ham yangi ijod namunalarimni berganimizcha yo‘q. Ixtiyorlari, qay bir qo‘shig‘imni ma’qul ko‘rishsa, shuni namoyish etaverishsin.

— Sezayotgan bo‘lsangiz, muxlislaringiz sizdan ko‘p narsalarni kutishayapti?
— Rostini aytsam, o‘zim ham ayni shunday holatdaman. «Nilufar Usmonova ijodga qaytibdi» deyishgan kunning ertasiga ertalab uyqudan uyg‘ondim-da «Endi nima bo‘ladi?» dedim o‘zimga-o‘zim. Yuqorida ijtimoiy tarmoqlarda ijodingizni kuzatib bordik, dedingiz. Bilsangiz, yaqin do‘stim, ijodiy hamkorim Shoxruh Yassaviy bilan internet tarmoqlarida ko‘plab loyihalarni amalga oshirganmiz. Muxlislarim bu tariqa muloqotimizga ham ko‘nikishgandi. «Qo‘shiq kuylashing mumkin, yana ijoddasan» deyilganidan keyin esa, to‘g‘risi, o‘zim ham o‘zimdan nimalarnidir kutayotgandekman. «Mu5» kanali ijodkorlarining sovg‘asidan keyin bir haftacha o‘zimga kelolmay yurdim, shoshib qoldim-da. Uch-to‘rt kun bo‘layapti, «O‘zingni qo‘lga ol, Nilufar», deya asta ijodiy rejalar ustida ish boshladik.

— «Kel, ikkimiz», «Kelaqol, jonim» qo‘shiqlariga ishlangan klip g‘oyasi ko‘pchilikni qiziqtiradi, nega aynan bu mavzu?
— «Kelaqol, jonim» volidamning tuhfasi! Matnini ham, musiqasini ham o‘zlari yozganlar. Taronaning o‘zini tinglasangiz, romantik kayfiyat chulg‘ab oladi sizni, maza qilib eshitasiz. Klip olish uchun Jahongir Ahmedovga yuzlandik. Uning g‘oyasi menga va ijodiy guruhimizga manzur bo‘ldi, qolaversa, hali hech qayerda bu kabi syujetni ko‘rmagandim. «Kel, ikkimiz» taronasi esa umr yo‘ldoshimga atalgan sovg‘am, boshqa hech qanday maqsad-muddaosi yo‘q buning. Qo‘shiqni Yolqin To‘ychievga eshittirganimizda u bizga «Kelaqol, jonim» klipi syujetiga yaqin voqeani yozib berdi. «Nega yana shu mavzu?» deganimizda, «Hammaning o‘z haqiqati, hayoti bor» degan javobni eshitdik. Boshqa san’atkorlarning ijodini kuzatsangiz, hammasida «Sevaman-kuyaman»ni ko‘rasiz, biz bo‘lsa noodatiyroq yondashuvni tanladik. Klip voqealari mening hayotim emas. Ko‘pchilik san’atkor o‘z dardini qo‘shiqqa soladi, ekranga olib chiqadi deb o‘ylaydi, ammo xonanda o‘z dardini kuylab bo‘lar ekan, u ijod qilishdan to‘xtaydi. Men atrofimdagi insonlarning kechmishini kuylayman. «Nilufar Usmonova o‘z hayotini ko‘rsatibdi, falonchini ikkinchi turmushi ekan» degan gaplar bekor. Har ikkala qo‘shig‘imni tinglasangiz, unda ayollik baxti tilga olingan. Darvoqe, musiqiy albomimda yana bitta tarona bor «Kel» so‘zi ishtirok etgan. Sho‘x tarona, so‘zlarini Shuhrat Nuraliev yozgan. Bitta albomda uchta «Kel» deb boshlanuvchi qo‘shiq, qalay?

— Zo‘r! Kliplar haqida so‘z ochilganidan foydalanib, «Tug‘ilsam» qo‘shig‘iga nega video ketma-ketlik suratga olmaganingizni so‘ramoqchi edim.
—Shusiz ham og‘riqli mavzu. Ba’zan homila rivojlanmay nobud bo‘ladi, shifokorlar abort qilish kerak, ayol hayotini saqlab qolish uchun deyishadi. Ammo shunda ham ayol homilasidan voz kechishni istamaydi, go‘yoki qandaydir mo‘’jiza yuz berishini kutadi. Ona-da! Bizdagi klipmeykerlarning aksariyati erkaklar, uch daqiqalik klipda abort mavzusini qanday qilib ko‘rsata olishadi, ochig‘i, aqlimga sig‘dirolmayman. Qo‘shiq matni va musiqasini Yakzon yozgan, taronani shunchaki tinglash kerak, nazarimda. Qo‘shiq ovoz yozish studiyasida yozilayotganida tezgina kuylaganman-da, xuddi bir nimadan qochib ketayotgandek hovliqqanman. Juda qattiq ta’sirlanganman... Bo‘lmasa, boshqa taronalarni bir necha bor xirgoyi qilib, maromiga etkazib, so‘ng yozamiz. Biroq bunisiga kuchim etmadi, bir martalik ijro bilan kifoyalandim. Balki keyinchalik qandaydir loyiha o‘tkazilsa, taronadan foydalanarmiz, ammo hozir musiqiy klip shart emas.

— Bir xillikda ijod qilishni yoqtirmaysiz, bu kabi o‘zgaruvchanlik atrofingizdagilarga malol kelmaydimi?

— (yonidagi yigitlarga ishora qilib) Mana, men bilan mehnat qilayotgan, izlanayotgan do‘stlarim – Jamshid, Shohrux. Aynan mana shu yaqinlarim meni bir xillikka tushib qolishimga yo‘l qo‘yishmaydi. Hatto, sozandalarim ham o‘zim kabi yangiliklar tarafdori. Ijodiy jamoamiz bilan hamfikrlikda ishlab kelayotganimizgami, ahil-inoqmiz. Ko‘z tegmasin, ilohim.

— Ko‘pchilikning e’tiroficha, kun sayin volidangizga o‘xshab borayapsiz. Sahnada harakatlanishingizdan to ovozingizgacha. Bu taqlid deganlar ham bor, ehtimol hamma gap gendadir?..
— Men uchun ideal inson ham, ideal san’atkor ham, bu — onam! Volidamdan boshqa yana kimga ham taqlid qilishim mumkin, o‘zingiz ayting. U kishi men uchun yagona o‘rnak bo‘loladigan ayol! Onamga o‘xshatishgan bo‘lishsa, bundan faqat xursandman! Rahmat aytaman.

— O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsert dasturi oldi qo‘ng‘iroqlashganimizda, sizni tashkiliy ishlar bilan band deyishgandi. Rostini ayting, muxlislar onamni qanday kutib olishar ekan degan xavotir bo‘ldimi hech?
— Konsert kunlari do‘stim Jamshid bilan tik oyoqda turdik desam, xato bo‘lmaydi. Birinchi kuni 3 soatu 40 daqiqaga cho‘zildi dastur. To‘g‘ri, ko‘nglim yumshab, ko‘zimga yosh kelgan paytlar ham bo‘ldi. Konsert o‘rtasida zalga o‘tib, muxlislar qatoridan joy olamiz desak, nazoratchi ayol bizni o‘tkazmadi. «Bo‘sh joy bor ekan-u, shu erga o‘tira qolaylik» desak, nazoratchilar o‘tiradigan qatorni ko‘rsatib, «Hamma o‘z joyida o‘tirishi kerak, Yulduz opa aytganlar», deya bizga joy bermadi (kuladi). Nima ham derdik, onam aytganlar axir, «Xo‘p mayli» deya zalning oxiriga o‘tib, bir burchakda devorga suyangancha konsertni tomosha qildik. Deyarli har kuni dasturning boshidan oxirigacha o‘sha erda bo‘ldim. To‘rt soatdan oshib ketgan paytlar ham bo‘ldi. Onamning sahnadagi chiqishini kuzatib, o‘zimga-o‘zim «Eh-he, bularning ortida qancha mashaqqat, sabr, mehnat bor» dedim. Volidamning yosh san’atkorlardan ham ko‘proq shijoat, kuch-g‘ayratga egaligini ko‘rib, xonandalikdan ketib, tinchgina yana bitta tug‘sammikan, bolalarimni tarbiyalab, uyda o‘tirsammikan, degan xayol ham bo‘ldi. Qo‘rqdim-da, men onamdek bo‘lolarmikan, deb.

— Bir kun siz ham konsert berasiz va volidangiz tomoshabinlar qatorida sizni tomosha qilib, siz uchun quvonadi!
— Ilohim! Hech bo‘lmasa «barakalla!» desalar ham mayliga, shuni o‘zi etadi menga.

— Yulduz opada-chi, hayajon sezildimi konsert oldidan?
— Ayam har sahnaga chiqish oldi hayajonlanadi, buni sira yashirmagan ham. Qaerda konsert berishidan qat’i nazar shunday. Toki qo‘liga mikrafonni olib, qo‘shiqni boshlab olmagunicha hayajon bo‘ladi.

— Yulduz opa bilan birgalikdagi «Shaytonga bo‘ysungan yuraklar» duetingiz ommalashgan o‘z vaqtida. Balki yana shu kabi hamkorlik ijod maxsulini eshitarmiz?
— Sizlardan hech nimani yashirib bo‘lmas ekan-da, haqiqatan ham onam bilan birgalikda duet kuylash rejamiz bor. Ammo bu haqida sal keyinroq aytaman, ijozat bersangiz.

— Birin-ketin farzandli bo‘lganingiz onangiz bilan munosabatlaringizni yanada mustahkamladi, nazarimda?..
— Chindanam shunday, har safar onalik maqomiga erishganingizda volidangizni yanada ko‘proq tushuna boshlarkansiz. Hozir onam bilan yanada ko‘proq suhbatlashishni istayman. Bolalar tarbiyasida ham ko‘p maslahat beradilar, farzandlaringga sira ham yolg‘on gapirma, hamisha rost so‘zla, deydilar.

— Amal qilasizmi maslahatlariga?
— Albatta!

— Ijodingizga nisbatan-chi, qattiqqo‘lliklari bormi?
— Sekin gapirasizmi, yangi ijod mahsulini eshittirsam, yoqmadimi, ochig‘ini aytadilar. Yaxshi bo‘lsa, «zo‘r chiqadi» deydilar, ortimdan.

— O‘zizga emas ya’ni?

— Ha! Keyin eshitaman, menga atalgan yaxshi gaplarini.

— Tushunishimcha, Yulduz opaning bir og‘iz maqtov so‘zlari ham siz uchun juda katta rag‘bat!

— Ko‘pchilik «onasi bor-ku, maza qilib ijod qilaveradi» deb o‘ylaydi. Aslida esa unday emas. Boshqa san’atkorlarni qanday baholasalar, menga ham xuddi shunday munosabatda bo‘ladilar. «Bu qizim-ku», demaganlar. Shu paytgacha hali biror marta onamdan «ochko» olmaganman. Astoydil mehnat qilaman va yaratgan ijod namunalarimni onamga tanishtirayotganimda qo‘rqib turaman, ma’qul kelarmikan, deya.

— Qizalog‘ingiz endigina to‘rt oylik bo‘ldi-yu, qomatingiz havas qilgudek. Bunga qanday erishdingiz?
— Do‘stim Jamshidning maxsus parhezi bilan qirq kun chillada 11 kilogramga ozdim.

— Qiziq, qanday parhez ekan u?
— Har ikki soatda belgilangan mahsulotlarni iste’mol qilasiz va ozasiz!

— Zo‘r-ku, Jamshidni so‘rab qo‘ng‘iroq qilishsa, nima dey?
— (kulib) Shohruxga qo‘ng‘iroq qilavering, topib beradi. Tug‘ruqdan so‘ng aksariyat ayollarda depressiya holati kuzatiladi, bu vazn ortishi bilan ham bog‘liq. Xullas, siz ko‘rib turgan qomatga do‘stimning ko‘magi bilan erishdim.

— Hamisha bugungidek yaxshi kayfiyatda ko‘rishishlik nasib qilsin! Sizdan yangi ijod maxsullarini kutib qolamiz!
— Rahmat!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Nilufar Usmonova: kutilmagan syurpriz, volidasining maqtovi va 40 kunda 11 kilogrammga ozish...