22:08 / 31.08.2017
11 029

Gulasal ABDULLAYeVA duet kuylamasligi sabablari va kelasi yilda turmushga chiqishi haqida(eksklyuziv)

Gulasal ABDULLAYeVA duet kuylamasligi sabablari va kelasi yilda turmushga chiqishi haqida(eksklyuziv)
U o‘zi haqidagi fikrlarni eshityapti, xulosa qilyapti va o‘zgarishlarga tayyor. Ammo buning natijasi qanday bo‘lishini hech kim bilmaydi. To‘rt yillik ijodi davomida xonandaning anglaganlari ko‘p. Biroq hali hammasi oldinda. O‘zbek estradasining eng yosh san’atkorlaridan biri "Nihol" mukofoti sovrindori Gulasal ABDULLAYeVA "So‘g‘diyona" gazetasi uchun intervyu berdi.

—Keling, suhbatni eng oddiy savoldan boshlasak, ayni kunlarda nimalar bilan bandsiz?

—Ijodiy izlanishlar ummonidaman desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. So‘nggi yaratilgan qo‘shig‘im «Yor – yor» uchun musiqiy klip suratga olib, tomoshabinlar hukmiga havola etdik. Endilikda sho‘x taronalar kuylamoqchiman.

—Qisqa fursat ichida xalqqa tanilgan xonanda bir yarim, ikki, ba’zan uch oy deganda yangi ijod namunasini havola etayotganini qanday izohlaydi?

—Bitta qo‘shiqning yaralishi ozmuncha mehnatni talab qilmaydi. Qolaversa, bugun tinglovchilarning ham didi nozik, ularning ko‘ngliga yo‘l topish qiyin bo‘lib qoldi. Bir yilda 2-3 ta ashula yozish va ularga klip suratga olish ijodiy sustkashlik emas, nazarimda. Ijodimning ilk yillarida ko‘proq qo‘shiq kuylashni istardim. Hozir o‘sha paytdagi taronalarni jamlasangiz, soni oltmishtadan ortadi. Biroq ko‘pini muxlislar eshitishmagan. Bugun esa shoshilmasdan ijod qilish ma’qul degan fikrdaman.

—Yaqinda bir xonandadan «Mavsum payti ishlab olish kerak, qo‘shiqni qishda yozsa ham bo‘ladi» degan gapni eshitdim. Siz bunga nima deysiz?

—Haqiqatan ham aksariyat xonandalar qishda qizg‘in ijod qilishadi, ketma–ket qo‘shiqlar yoziladi. Ehtimol vaqtlari bemalol bo‘lgani bilan bog‘liqdir bu. Axir qishda xizmatlar kamayadi-ku. Menda ham bunday holat bo‘lib turadi. Lekin to‘y mavsumi bo‘lsa-da, ijodga ham, xizmatlarga ham birdek ulgurishga harakat qilayotgan san’atkorlar kam emas.

—Siz ham ular qatoridamisiz?

Tadbir yoki to‘y xizmatlaridan so‘ng vaqt topib yangi ijod maxsuli ustida bosh qotirishga harakat qilyapman. Shoshilmasdan, o‘ylab, maslahatlashib she’r tanlanyapti, musiqa bastalanyapti, xullas Gulasal harakatda!

—E’tibor bersam, «shoshilmasdan» so‘zini ko‘p ishlatyapsiz. Bu xarakteringiz ifodasimi yoki...

—(kulib) Agar menga oddiy qiz sifatida baho bersangiz, uy ishlarida ham shoshilmayman. Hovliqib ish qilsam chala qolishi mumkin-da. Lekin xonanda Gulasal tamoman boshqa. Tadbir yo xizmatlarga aytilgan vaqtidan ertaroq boraman, kech qolgandan ko‘ra shunisi ma’qul. Sahna pardozi, soch turmaklarini ham tezroq bajarishni o‘rgandim. Avvallari bunday emasdi, shunga ham prodyusserimdan dakki eshitgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Hozir mashinada ketayotib ham tashqi ko‘rinishimni tartibga keltirib ololaman.

—Xizmatlar haqida so‘z borganda albattaki, moddiy manfaatni aytmay iloji yo‘q. Shu ma’noda to‘ylarda kim qanchaga borishiga qizaqasizmi?

—Pullik masalalarni prodyusserim hal qiladi. Xizmatlaridan tushadigan pul prodyusser va xonanda o‘rtasida foiz hisobidan kelishiladi. Shu paytgacha birorta to‘y xizmatiga aralashmaganman. Bu masalalar bilan prodyusser hamda ma’murim shug‘ullanishadi.

—Tushunarli, hamkasblaringizning «maoshi»ni surishtirib turarsiz, hech bo‘lmasa?

—So‘rab–surishtirgan joyim yo‘g‘-u, lekin ma’murimning telefondagi suhbatlaridan ba’zi ma’lumotlar quloqqa chalinib qoladi. «Falonchi xonandani gaplashib bering» deya iltimos qilguvchilar bo‘ladi-da. Shunda eshitib qolmasam, boshqa payt kim qancha topayotgani bilan qiziqmayman.

—Ayrim san’atkorlarning birrovlik xizmati kimlarningdir oylik maoshidan ham ko‘p. Bu darajada narh qo‘yish qanchalik to‘g‘ri, sizning-cha? To‘y qilaman deb, qarz qavola qilinishi shartmi?

—«3-4 ta qo‘shiq aytdi-yu, ketdi, shunga falon so‘m oldi-ya» degan gaplarni ko‘p eshitamiz. To‘g‘ri, har kim o‘z fikrini bildirishga haqli. Ammo odamlar aytayotgan 3-4 ta qo‘shiqning yaratilishi uchun qancha mablag‘ sarflanadi. Klip, sahna liboslari, pardoz, soch turmagi ham oz munchaga tushmaydi. Bunisi ham mayli, televideniye, radioda chiqish qilaman desangiz, belgilangan tartibda to‘lovini amalga oshirasiz. Xo‘sh, bularga qayerdan pul olsin san’atkor? Xizmatlardan topganini ijodiga sarflaydi, oilasi, ro‘zg‘ori, bola–chaqasiga ajratadi. To‘yga sozandalar bilan birga boradigan san’atkorlarning topgani, guruh a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Xonandalar haqida gap qilayotganlar tanganing ikkinchi tomoni borligini ham bilib qo‘yishgani ma’qul. Bu bilan kimnidir oqlamoqchi emasman, har qaysi san’atkor ijodi, taniqlilik darajasidan kelib chiqib, narh qo‘yadi. Ba’zan mashhur ayol san’atkorlar bilan suhbatlashib, «Unisiga yetmadi, bunisi chala qoldi» degan gaplarni eshitaman va hayron bo‘laman, «U ham puldan qiynalishi mumkin ekan» deb. O‘zimdan qiyos kundalik foydalanish uchun kiyim sotib olmasam ham sahna liboslariga doim e’tibor beraman. Negaki, bitta tadbirga kiyib borgan ko‘ylagingizni boshqasiga kiyolmaysiz. Yangisini sotib olish esa pul turadi. Ko‘ryapsizmi, san’atkorlarga ham oson tutmang. Xalq xizmatida bo‘lib, kezi kelsa yaqinlarimizning shodiyona kunlarida ham qatnasholmaymiz. Biror kim yordamimizga muhtoj bo‘lsa-da, lafz qilganman deya tadbir yo xizmatlarni bekor qilolmaymiz.

—Savolim to‘g‘ri nishonga tegdimi deyman, jiddiylashdingiz?..

—Yo‘q, shunchaki o‘z fikrimni aytdim, xolos. Men xalqni tinglash, uning fikri bilan qiziqish tarafdoriman. Ammo san’atkorlar ham hamma qatori inson, ularning ham o‘zlariga yarasha xarajatlari bor.

—San’atni deya yaqinlarim bilan ko‘risha olmayman deyapsiz. O‘sha paytlarda «Nega ham shu kasbni tanladim?» degan alam bo‘lmaydimi?

—Asta aytasizmi, ba’zan jahlim chiqadi, achchiqlanaman, yig‘layman ham. Ammo tezda o‘zimni qo‘lga olib, «Noliyotganim yo‘q, Xudoyim» deyman.

—Tadbirlarda boshqa xonandaning qo‘shig‘ini ijro qilib bering deb so‘rashsa, qanday yo‘l tutasiz? Misol uchun bu Munisa Rizayeva, Rayhon yoki Gulsanam Mamazoitova ashulasi bo‘lsin...

—Ba’zan ustoz san’atkorlarning repertuarlaridan so‘rab turishadi, masalan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulsanam Mamazoitova qo‘shiqlaridan, imkon qadar kuylab beraman. Lekin shu paytgacha Munisa yoki Rayhonning taronalarini so‘rashmagan.

—Endi so‘rab qolishsa-chi?

—Bilgan taronamni ijro qilib beraman, «Uzr, aytolmayman» demaymanu.

—Qo‘shiqlarini boshqa hamkasblaridan qizg‘onish kayfiyati sizga tanishmi?


—Yo‘q. Yaqinda bo‘lib o‘tgan voqeani aytaman, to‘ylardan birida navbatim kelishini kutib o‘tirdim. Mendan avval kelgan yosh xonandalardan biri «Gulasal chiqaversinlar men ulardan keyin» dedi. To‘yda qarindoshlarim ham o‘tirishgandi. 4-5 ta qo‘shiq kuylab, to‘yxonadan chiqib ketganimdan so‘ng, haligi yaqinlarim "Sizdan keyin falon qiz xorazmcha qo‘shig‘ingizni kuyladi" deyishdi. "Omadini bersin" dedim eshitib.

—Ya’ni sira ham g‘ashlik yo‘q?

—Albatta! Agar mendan qo‘shiqning «minus» varianti, ya’ni yozilgan musiqasining o‘zini so‘rashsa, jon deb beraman.

—Bunaqada hamma qo‘shiqlaringizni tarqatib yuborasiz-u?

—Hozirga kelib, 50-60 foiz qo‘shiqlarimning musiqasi turli viloyatlarga tarqab ketgan. So‘rab kelishadi, yo‘q demaymiz, mayliga kuylayverishsin. Ba’zan viloyatlardagi tadbirlarga kirib borsak, qo‘shiqlarimdan biri ijro etilayotganiga guvoh bo‘laman va bu yoqimli holat.

—Tarona musiqasini yaratish uchun qancha vaqt, mablag‘ sarflanadi, aranjerovka qilinadi. Siz esa tayyor mahsulotni qo‘shqo‘llab berib yuborarkansiz?

—Qo‘shiq meniki ekanligini bilishadi-ku, agar musiqasiga ovoz yozib, klip ishlasa bu noto‘g‘ri. Qolaversa, bugun yozilgan musiqani ertagayoq berib yubormaymiz. Tarona tanilib, ommalashsagina iltimoslar rad etilmaydi.

—Eshitishimcha, qaysidir xonanda sizga duet kuylash taklifini bildiribdi-yu, rad etibsiz. Shunday bo‘lganmidi?

—Qaysi birini aytsam ekan?

—Shunchalik ko‘pmi ular?

—Yo‘g‘-e (kuladi) erkak xonandalardan duet kuylash taklifi bo‘lib turadi, ammo prodyuserim hozircha bunga ruxsat bermayapti. Hali hamkorlikdagi qo‘shiqlarga tayyor emasman.

—Ijod qilayotganingizga to‘rt yil bo‘lyapti, hali ham tayyor emasman deysizmi? Bu nimasi?

—Rostini aytsam, duetlar meni u qadar qiziqtirmaydi. To‘g‘ri, niyatlarim bor, masalan, O‘zbekiston xalq artistlari Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov bilan duet ijro etishni istayman. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ziyoda, Sevara Nazarxon bilan hamkorlik qilsam deyman, lekin shoshilmayapman.

—Telekanalardan birida bo‘lib o‘tgan loyihada ikki soatcha s’yomka boshlanishini kutib turdingiz. Meni hayron qoldirgani biror marotaba e’tiroz bildirmadingiz, hamisha shundaymisiz?

—Poytaxtga endi kelgan kezlarim, prodyuserim ko‘p aytardi: «Xushyorroq bo‘l, bo‘shashma» deb. Salgina dadillashdim-u, ammo baribir vazminligim bor. Hamskablarim ham ko‘p so‘rashadi «Nega bunaqa jim turasiz?» deb. Tabiatim shunday-da nima qilay. Gohida o‘ylab qolaman biologik yoshim 40 lardan oshgan-ov deya. Onamning aytishlaricha, bolalagimda ham ko‘pchilikka qo‘shilmas ekanman. Bilmadim nega, katta–kichik davrlarni u qadar ham yoqtiravermayman. Buning o‘rniga qo‘shiq yozganim yaxshi.

—Namanganga borganingizda sinfdoshlar bilan ko‘rishib turasizmi?

—Bir necha hafta avval Namanganda bo‘ldim. Qarindoshlar, sinfdoshlarim bilan ko‘rishdim, albatta. Xolalarim galma-gal mehmonga chaqirishadi, do‘stlarim bilan esa xuddi maktab davrigidek kulishib gaplashamiz. Ayrimlari menga «Siz» deya murojaat qilishadi-yu, uyatga qolaman. «Unday demang-e, men o‘sha Gulasalman» deyman kulib. O‘quvchilik yillarimiz maktabdagi har bir tadbirda qatnashardim, o‘g‘il bolalar boshqa qizlarning jig‘iga tegishsa ham meni ayashardi. Qishda qorbo‘ron o‘ynasak hech kim menga qor otmasdi, bolalar «Asalga qor otmaymiz» deya bir–biriga aytib qo‘yishardi. Dugonalarim bo‘lsa, nega senga boshqacha muomala qilishadi, deya achchiqlangan paytlari ham bo‘lgan.

—Gulasal, imijni o‘zgartirish fursati yetmadimikan, nima deysiz?

—To‘g‘ri aytasiz, endi o‘zgarishim kerak. «Yor-yor» klipida pardozni yangilab ko‘rdik, menimcha yaxshi chiqdi.

—So‘zingizni tasdiqlayman, haqiqatan ham yangilik bor, ammo bu s’yomka uchun obraz-da?..

—Suratga olish jarayonida yangi stilist bilan ishlab ko‘rdim, menga ma’qul bo‘ldi. Yaqinda singlim ham aytayotgandi, «Opa, salgina o‘zgartiring imijingizni» deya.

—Demak?

—Imijimni o‘zgartiraman!

—Juda soz, kutamiz! Keling endi sovchilar haqida so‘ray, to‘y qachonga mo‘ljallanyapti?

—Namanganga so‘rab borganlar ham bo‘lyapti. Ota–onam, prodyusserim «Kelasi yil to‘y qilamiz» deyishayotganiga qaraganda, keyingi yil turmushga chiqsam kerak. Bo‘lajak umr yo‘ldoshim kimligi va qaysi kasbda faoliyat yuritishidan qat’i nazar, muhimi meni tushunadigan inson bo‘lsin.

—To‘y aniq bo‘lgach, xabarlasharsiz-a, Gulasal?

—Albatta, birinchi bo‘lib aytaman.

—Kelishdik! Ilohim o‘zingiz istagandek insonni uchrating!

—Rahmat!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Gulasal ABDULLAYeVA duet kuylamasligi sabablari va kelasi yilda turmushga chiqishi haqida(eksklyuziv)