09:25 / 15.12.2017
7 939

Yulduz Abdullayeva va Oyxon Eshonxonovaning Andijondagi konserti noqonuniy tashkil qilingan

Yulduz Abdullayeva va Oyxon Eshonxonovaning Andijondagi konserti noqonuniy tashkil qilingan
Xalqimizda kengashli to‘y tarqamas, degan naql bor. Ozodbek Mirzayev shu naqlga amal qilmay, kerakli xujjatlarni rasmiylashtirmasdan joriy yilning 29 noyabr kuni Andijon shahridagi “Oltin vodiy” to‘yxonasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Abdullayeva hamda xonanda Oyxon Eshonxonovalar ishtirokida “El aro inson aziz” nomli konsert tadbirini tashkil etdi.

Mazkur konsert tadbiridan xabar topgan Andijon viloyat davlat soliq boshqarmasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi viloyat bo‘limi hamda Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorlikda konsertning to‘g‘ri tashkil etilishi, sotilgan chiptalarning naqd pul tushumi yuzasidan monitoring-xronometraj tadbirini amalga oshirdilar.

Monitoring natijasida mazkur konsert tadbiri “Vodiy tantana media” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz tashkillashtirilganligi, sotuvga chiqarilgan tomosha chiptalari davlat soliq inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi aniqlandi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi “Fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarining qo‘llanishini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 306-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida Nizom”da shunday deb ko‘rsatilgan: “Xo‘jalik yurituvchi sub’ekt chiptalar, talonlar, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish boshlangunga qadar davlat soliq xizmati organlariga murojaat qiladi. Davlat soliq xizmati organlari ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlarni ikki kun muddatda ro‘yxatdan o‘tkazadi.”

Yana bir me’yoriy hujjatga e’tiboringizni qaratamiz: Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrda “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 354-sonli qaror bilan tasdiqlangan “Konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida Nizom”da konsert-tomosha tadbiri ushbu Nizomga muvofiq berilgan ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etishga ruxsatnoma berilishi uchun viloyat markazlarida eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Ikki mahal o‘tkazilgan tadbir davomida ishtirokchilardan olingan chiptalar sanoqdan o‘tkazilib, har biri 50 ming so‘mdan ekanligi, jami 600 nafar fuqaroga sotilganligi ma’lum bo‘ldi.

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Shohruhbek Egamnazarovning xabar berishicha, monitoring tadbirlari yakunlanishi bilan tashkilotchi Ozodbek Mirzayevdan tushuntirish xati olinib, kelgusida bunday huquqbuzarlikni sodir etmasligi yuzasidan rasman ogohlantirildi. Tomoshadan tushgan 30 million so‘m naqd pul mablag‘lari bank kassasiga topshirilishi ta’minlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Abdullayeva va Oyxon Eshonxonovaning Andijondagi konserti noqonuniy tashkil qilingan