22:01 / 29.01.2018
8 729

Rayhon egizaklari bilan sodir bo‘lgan qiziqarli voqeani aytib berdi

Rayhon egizaklari bilan sodir bo‘lgan qiziqarli voqeani aytib berdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevaning o‘zbek estradasiga kirib kelgan paytidan to shu bugungacha bo‘lgan vaqtda ijodi va hayotida ancha-muncha o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Ayni kunlarda ijodiy faoliyatini o‘n sakkiz yillik yubileyi va hisob bo‘yicha, o‘n beshinchi konsert dasturiga tayyorgarlik ko‘rayotgan xonanda bugun mehmonimiz...

— 2018 yil siz uchun juda qizg‘in boshlanar ekanda, eshitishimizcha fevral oyida navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqchi ekansiz? Tayyorgarliklar avjida bo‘lsa kerak...
— To‘g‘ri aytasiz, butun ijodiy guruhim bilan birga san’atdagi faoliyatimning kichik yubileyini nishonlash arafasidamiz. Bir qarashda bu oddiy sanadek ko‘rinishi mumkin. Ammo bu kun men uchun juda muhim, o‘rganganlarim, tajribamga asoslangan holda konsertga kelgan mehmonlarga yaxshi dastur taqdim eta olishim shart deb o‘ylayman. Bu katta mas’uliyat ham yuklaydi. Konsertimning tashkiliy ishlari bilan doimgidek “Proart” shug‘ulanayotgan bo‘lsa ham ijodiy tomoniga o‘zim mas’ulman. Konsertim rejissyori o‘zim, xoreografi esa Elya Malikova. U bilan birga dasturni rang baranglashtirish ustida ishlayapmiz. Yangi qo‘shiqlarimni umuman o‘zgacha uslubda kuylamoqchiman. Shuningdek, 15 yil davomida taqdim etilgan qo‘shiqlarimni ham bilan birga qayta kuylashni istayman. Bu orqali muxlislarim bilan birgalikda bir necha yillar ortga qaytishni rejalashtirganman. Yangi duetlar ham bo‘ladi. Faqat ular haqida hozir ochiq gapira olmayman. Lekin ishonamanki, duetdoshlarimni ko‘rib muxlislarim faqat xursand bo‘lishadi.


— Jarayon davomida nimalarda qiyinchilik sezyapsiz?
— Yopiq eshiklar, yo‘llarimizda katta-kichik to‘siqlar doim bo‘lgan va bo‘ladi. Lekin ularga duch kelishdan qo‘rqmayman. Bunday vaziyatda asosiysi, qiyinchiliklardan cho‘chimay, ular yengib o‘tish. Yillar davomida buni uddalay oldim va shukrki, shu kunlarga yetib keldim. Yaratganning va yaqinlarimning ko‘magi doim menga yor bo‘lgan.

— So‘nggi paytlarda ko‘proq nimalar haqida o‘ylayapsiz?
— Negadir so‘nggi paytlarda o‘zimdan keyingi hayot va chin dunyo haqida ko‘p o‘ylanyapman. O‘zimdan yaxshi nom qoldirishim kerak. Bolalarimga namuna bo‘la oladigan inson bo‘lish mening eng oliy maqsad va vazifam ekanligini yanada kuchliroq his etayapman.

— Aytingchi, o‘tgan yillar fe’lingizni o‘zgartirdimi?
— Bugun men sabrliroqman. O‘tgan vaqt menga har qanday vaziyatga ijobiy yondashishni o‘rgatdi. Bizga berilgan sinovlar bejizga emasligini, ularni yengishga kuchimiz yetgani uchun ham berilayotganini tushunyapman.


— Singlingiz Nasiba bilan juda ko‘p maslahatlashishingizni bilamiz...
— U mening birinchi maslahatgo‘yim. Oila, farzandlar va boshqa barcha mavzularda ham uning fikri men uchun muhim. Hatto qo‘shiqlarimni ham Nasiba va turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda tanlaymiz. Bilasizmi, ba’zida men uning opasi emas, singlisidek his qilaman o‘zimini. Uning fikrlashidan menda shunday tasavvur uyg‘onadi. Shu sabab yoshim katta bo‘lsada undan maslahat so‘rashdan uyalmayman.


— Ijtimoiy tarmoqdagi suratlaringizdan bilish mumkinki, egizaklaringizning kun tartibi juda tig‘iz. Ular doim mashg‘ulot va to‘garaklar bilan band ekan...


— Albatta, Imron bilan Islomning har bir kuni reja asosida o‘tadi. Ortopedning maslahatiga ko‘ra 1 yoshdan boshlab suzishga qatnaymiz. Ularda mendan o‘tgan yassioyoqlik bor. Yoshi ulg‘ayganda men kabi oyoq va bel og‘rig‘idan qiynalmasligi uchun hozirdan buni nazoratga olganman. To‘g‘ri, avvaliga suvdan qo‘rqishdi, biroq bugun suzish ularning jonu-diliga aylangan. Yaqindan boshlab ot sporti bilan shug‘ullanishni boshladik. Mashg‘ulotlarda ularning zavqlanganini ko‘rib, o‘zim ham quvonaman. Nazarimda, bolalar jonzotlarga mehr qo‘ysa, ko‘ngli ochiq va samimiy inson bo‘lib ulg‘ayishadi. Qolaversa, ot sporti bilan shug‘ullanish salomatlik uchun ham juda foydali. Darslarga kelsak, bog‘chadan tashqari ingliz tilini o‘rganish saboqlariga ham qatnashadi.


— Bolalaringizni xaddan tashqari band qilib ularni qiynab qo‘ymayapsizmi?

— Inson o‘zi yaxshi ko‘rgan mashg‘uloti bilan shug‘ullansa, qiyinchilik sezmaydi. Men bolalarimni o‘zlari istagan yo‘nalishlarga bog‘laganman, xolos. Agar ularda mashg‘ulotlarga qiziqish sezmaganimda, majburlamasdim. Masalan, yozda futbolga borgandik, lekin ular bu sport turiga umuman qiziqishmadi, o‘yin davomida chalg‘ib, qum o‘ynab yurishardi. Ularning munosabatini ko‘rib, futboldan voz kechdik.

— Ularning ulg‘ayayotganini gap-so‘zlaridan his qilyapsizmi?
— Inson vaqt qanday o‘tganini bilmay qolarkan. Kechagina, qalbimning bir parchasi, bolalarimni qo‘limda ko‘tarib yurardim. Bugun ular shaxs sifatida ulg‘ayishyapti, o‘z fikr va qarashlariga ega. Bilasizmi, har bir narsada fikrlarini bilishga urinaman. Hatto ba’zida so‘ramasam ham men kiygan yoki o‘zlari kiymoqchi bo‘lgan liboslarga munosabat bildirib qo‘yishadi. Agar yarashmagan bo‘lsa, ayab o‘tirishmaydi (kuladi). Ayni paytda atrofda nimalar bo‘layotgani va kim qanday gapirayotganini tezgina ilg‘ab oladigan davri. Shuning uchun ham bir zum jim turisholmaydi. Savollarga “ko‘mib” tashlashadi. Ularga qarab men ham ko‘p narsalarga e’tibor bera boshladim. Masalan, kuni kecha mashinadan tushib, yo‘lakchadan ketayotsak, yerda yotgan bargni ko‘rib “Oyijon, qarang qanday chiroyli barg” dedi. Qarasam, rostdan ham shakli noodatiy ekan. Biz kattalar hayot tashvishlari bilan bo‘lib, oddiy narsalardagi go‘zallikni sezmay qolamiz. Bolalar esa atrofdagi go‘zallikni payqay olishadi...


— Bolalaringiz bir-biri bilan tortishib qolsa, bunday “muammo”ni qanday hal etasiz?
— Men uchun og‘riqli mavzuni ochdingiz (kuladi). Chunki Islom bilan Imron ko‘pincha bitta o‘yinchoqni talashib urshishadi. Vaholanki, o‘sha o‘yinchoqdan ikkita. Menimcha, bunday vaziyat ikkita farzand o‘stirayotgan oilalarda tez-tez uchrab tursa kerak. Bunday paytda sho‘xlik va erkalik qilib birovni xafa qilish yaxshi emasligini tushuntiraman. Ular ahil bo‘lib bir-birini qo‘llab-quvvatlashi lozimligini hozirdan uqtirib boraman. Balki hozir gaplarimni unchalik tushunishmas, lekin keyinchalik baribir anglab yetishadi.

— Ularning orzulari haqida ham bilasizmi?
— Orzu qilish bolalar qoyillatishadi. Ba’zida imkonsiz narsalar haqida ham orzu qilishadi. Lekin shunda ham ularning orzularini to‘smayman. Hozir ayni tasavvur olamini kengaytiradigan mahali. Bundan tashqari inson doim orzu va niyat bilan yashashi lozim.

— Shu kunlarda o‘zingizning qaysi orzuingiz ro‘yobga chiqdi?
— Bolaligimdan Parijga borishni juda istardim. Bu shaharning ko‘chalaridan atirlarning ifori kelib turadi deb xayol qilardim. Ayollari chiroyi, poshnali tuflilarda yurishadi, rassomlari esa tabiat qo‘ynida peyzaj chizib o‘tirishadi deb tasavvur qilardim. Bolalikdagi xayollarimni turmush o‘rtog‘im haqiqatga aylantirdi. U bilan birgalikda orzuimdagi shaharga sayyohatga bordik. Parijni bir kungina aylandik, biroq shuning o‘zi menga yetarli bo‘ldi. Ertaklardagi shaharni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganimdan xursandman. Buning uchun turmush o‘rtog‘imdan minnatdorman.


— Farzandlaringiz bilan sodir bo‘lgan biror qiziqarli voqeani gapirib bera olasmi?
— Yaqinda ularning tinimsiz sho‘xliklaridan jahlim chiqib “Agar menga quloq solmasanglar, to‘polon qilaversanglar, yomon amaki kelib sizlarni olib ketadi. U sizlarga hech qachon shokolod bermaydi” desam, gaplarimni diqqat bilan eshitib turgan Imron “Oyijon, agar o‘sha amaki sizni olib ketganida, men sizni albatta qutqargan bo‘lardim” desa bo‘ladimi (kuladi). Ochig‘i, kutilmaganda aytilgan bu javobdan dovdirab qoldim.

— Bolaligingizda berilgan qaysi sovg‘a haligacha yodingizda?

— 12 yasharligimda oyim menga kuchukcha sovg‘a qilgandilar. Uzoq vaqt orzu qilgan narsamga ega bo‘lganimdan rosa xursand bo‘lganman. O‘sha paytdagi quvonchimni bugungacha yaxshi eslayman.

— Shou-biznesdagi o‘n sakkiz yillik faoliyatingiz davomida salbiy izohlarga immunitet hosil qilolmagansiz. Hamon juda ta’sirchansiz...

— Afsuski, bu mening qo‘limdan kelmadi. Lekin shunday bo‘lsa ham, atrofimdagi ko‘p narsalarga bee’tiborroq bo‘lishni o‘rganyapman. Bilasizmi, ko‘proq nimadan jahlim ko‘proq chiqadi? Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlarda qalbaki sahifa ochib, asossiz tanqidlar yozishadi. Agar ularning gapi rost va o‘zlari mard bo‘lishganda bunday yo‘l bilan yashirinishmagan bo‘lardi.

— Hayotda yana nimalarni o‘rganishni istardingiz?
— Bilishni istagan narsalarim juda ko‘p. Ulardan biri jahon yulduzlarining ish tartibi bilan yaqindan tanishish. Nazarimda, har bir san’atkor uchun bu professionallik tomon qo‘yilgan yana bir qadam bo‘lib xizmat qiladi.


— Suhbat uchun tashakkur. Ijodingizda yuksak parvozlar tilab qolamiz.
— Sizga ham rahmat!
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Rayhon egizaklari bilan sodir bo‘lgan qiziqarli voqeani aytib berdi