00:20 / 07.03.2018
11 600

Aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva: talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida

Aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva: talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida
“Myday” nashri Aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva bilan suhbat uyushtirdi. Mashhur san’atkorlar oilasida dunyoga kelish ma’suliyatini doimo his qilib turadigan yosh aktrisa talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida gapirdi.

— Talaba bo‘lish qanday ekan? Nimalarni kutgan edingizu, nimalarga duch keldingiz?
— Oson emas. Bu ikkinchi mutaxassisligim. Avval O‘zbekiston Milliy Universitetining Psixologiya fakultetini tugatganman. O‘zim san’at sohasida faoliyat yuritayotganim sababli O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga o‘qishga kirdim. To‘g‘risini aytsam, osonroq bo‘ladi deb o‘ylagan edim. Lekin, adashgan ekanman. O‘z qiyinchiliklari bor ekan.

— Sizningcha Oliy ta’lim olmasdan ham yetuk aktyor yoki aktrisa bo‘lish mumkinmi? Yoki iqtidorning o‘zi kamlik qiladimi?
— Birinchi o‘rinda Alloh tomonidan berilgan iqtidor bo‘lishi kerak. Lekin baribir o‘qish kerak deb hisoblayman. San’atning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Agar ta’lim olsa, yanada mukammalroq san’atkor bo‘ladi deb hisoblayman. Ammo, oliy ta’lim olmay turib ham yetuk san’atkor bo‘lgan insonlar talaygina. Shulardan biri aktrisa Sora Eshonto‘rayeva bo‘lib, bu sohada o‘qimagan bo‘lsalarda, xalq suygan san’atkor bo‘lganlar. San’at sohasida menimcha iqtidor birinchi o‘rinda turadi.

— Yosh onasiz, ham farzand tarbiyasi, ham suratga olish ishlari, endi talabalik ham qo‘shildi. Qanday ulguryapsiz?
— Juda ham qiynalyapman. Suratga olish ishlari, o‘qish, orada televideniyada syomkalar bo‘lib qoladi. Hammasiga ulgurish mushkul. Baxtimga onam bor. Ular qizimga ham ona, ham buvi bo‘lib, o‘z mehrlarini ayamaydilar. Shuning uchun ko‘nglim to‘q. Lekin bo‘sh vaqt topdim deguncha, farzandim bilan mashg‘ul bo‘laman.

— Farzand tarbiyasida kim sizga yordam beradi?
— Onam. Yuqorida aytganimdek, baxtimga onam borlar. Qizimni tarbiyalashda yordamlarini ayamaydilar.

— Qizalog‘ingiz sizning yo‘lingizni davom ettirishni xohlasa unga qarshilik ko‘rsatasizmi?
— Qizim ulg‘aygach, qaysi sohani tanlasa, uni shu sohaga yo‘naltirishga harakat qilaman. Lekin iloji boricha bu san’at sohasi bo‘lmasligiga umid qilaman. Yana bilmadim. Agar juda ham san’at sohasida faoliyat yuritishni xohlasa, unga albatta qo‘limdan kelgancha yordam beraman. Lekin, ota-onam aytganlaridek, san’at juda murakkab soha. Ayniqsa ayol kishi uchun. O‘zim san’atga kirib kelgach bunga yana bir bor amin bo‘ldim.

— Qizalog‘ingizni tergab turasizmi? Yoki shirin gap bilan tushuntirish tarafdorimisiz?
— Yo‘q, hecham urisha olmayman. Doim shirin gapirib, erkalashga harakat qilaman. Onam ba’zida koyib turadilar: “Bitta senda farzand bormi, tergab tur, erka bo‘lib ketyapti”,- deb, lekin onam ham meni urishmasdan katta qilganlar. Xudoga shukur erka emasman. Qizim ham erka bo‘lmaydi degan umiddaman.

— Mashhur insonlarning farzandi bo‘lish sizga ko‘proq nima beradi? G‘urur hissimi yoki ma’suliyat?
— Katta ma’suliyat yuklaydi. Ota-onamning nomiga dog‘ tushirmaslik uchun har bir qadamimni o‘ylab bosishga harakat qilaman. Ba’zan xohlamagan ravishda xato qilasiz. Beayb Parvardigor. Lekin iloji boricha xato qilmaslikka intilaman.

— Siz yaxshi farzandmisiz yoki yaxshi ona?
— Bu savolga javob berishim mushkul. Menimcha bu savolingizga onam eng to‘g‘ri javobni bersalar kerak.buni onamdan so‘rash kerak, yaxshi farzandmanmi yoki yaxshi ona.

— Aktrisa bo‘lmaganingizda qaysi kasbni egallagan bo‘lar edingiz?
— Agar aktrisa bo‘lmaganimda, balki dugonam Shahzoda Muhammedovaga o‘xshab dizayner bo‘lardim. O‘qituvchilik kasbi ham menga juda yoqadi. O‘zimning birinchi egallagan soham, psixologlik ham yaxshi. Balki vaqti kelib aynan shu ish bilan shug‘ullanarman.

— Eng yaqin dugonangiz dizayner, bundan foydalangan paytlaringiz bo‘lganmi?
— Albatta! Juda ko‘p foydalanaman. Lekin juda noqulay men uchun. Chunki Shahzoda menga tikkan liboslari uchun umuman pul olmaydi. Zo‘rlab ham berolmayman. Shuning uchun ba’zan o‘zimni noqulay his qilaman.

— Bir umr qulog‘ingiz ostida jarang sochadigan nasihat?
— Ota-onam doimo kamtar bo‘l deyishadi. Vaqti kelib el suygan san’atkor bo‘larsan, shunda ham oddiy Muqaddas ekanliging yodingda bo‘lsin. Kekkayma, o‘zingi birovlardan ustun qo‘yma. Shu nasihatlar doimo yodimda.

— Qanday vaziyatda aqlga va qay holda hissiyotga tayanib ish ko‘rasiz?
— Ko‘pincha hissiyotga tayanib ish tutganim uchun pand yegan paytlarim bo‘ladi. Juda ishonuvchanman. Aqlim shu ishni qilma deb turgan bo‘lsa ham, ko‘nglim bo‘shlik qilib xato qilgan vaqtlarim bo‘ladi.

— Odamlarning gap-so‘zlaridan o‘zingizni qanday himoya qilasiz? Ko‘nglingizga olasizmi yoki odamlar gapiraveradi deb e’tibor bermay o‘tib ketasizmi?
— Odamlarning gapini yuragimga yaqin olaman. Qattiq ezilaman. Gapiraveradida deb o‘tib ketolmayman. O‘zim haqimda salbiy fikr eshitib qolsam, tinmay o‘ylayveraman. Qayerda xato qildim, nimaga ularda bunday tushuncha uyg‘ondi deb ich-etimni yeyman.

— Aslida san’atkor kim uchun yo nima uchun ijod qiladi?
— Xalq uchun, albatta. Har bir ijro etgan rolimiz bir insonning hayotiga yaxshi ta’sir qilsa, biz o‘ynagan rol orqali insonlar xatolarini tushunib yetsalar yoki o‘zlariga kerakli xulosa chiqarsalar, shu bizning yutug‘imiz.

— Imkoni bo‘lsa vaqtni orqaga qaytargan bo‘larmidingiz? Nimaga?
— Menimcha, har bir inson imkon bo‘lganda buni xohlagan bo‘lar edi. Odam bu dunyoda bilib-bilmay qilgan xatolarini tuzatish uchun vaqtni jon deb ortga qaytargan bo‘lar edi.

— Qanday hordiq turini afzal ko‘rasiz?
— Juda ham charchagan paytlarim mashinada bir o‘zim sayr qilishni xush ko‘raman. Ayniqsa yomg‘irli havoda o‘zimning sevimli taronamni tinglab, shahar aylansam ancha charchog‘im chiqadi.

— Ijodiy rejalaringiz?
- So‘nggi vaqtlarda ko‘plab tarixiy filmlar suratga olinmoqda. Nasib qilsa, meni ham loyiq ko‘rishsa, biron bir tarixiy filmda suratga tushishni juda ham xohlayman. Keyinchalik teatrda ham ishlash orzuim bor. Rejalarim juda ko‘p.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva: talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida