Aktyor komedik rollari bilan ayollarimizni turmushning tashvishlaridan ozmi-ko‘pmi chalg‘ita olgan, yuzimizga tabassum yugurtirgan Alisher Uzoqov bilan poytaxtning betakror go‘shasi – “Toshkent gullari” do‘konida o‘tkazilgan fotosessiyadan so‘ng bir finjon qahva ustida kechgan suhbatimiz bayram kayfiyatingizga monand tushadi, degan umiddamiz.
— Gullar — siz erkaklarning asosiy qurolingiz. Bir dona atirgul bilan ayol ko‘nglini zabt etishingiz, mehrini qozonishingiz mumkin. Bejirimgina guldastani ko‘rgan ayol yorining bor gunohlarini aft etishi ham ajablanarli holatmas. Uning ifori baxtning iforidek, qo‘limizga olishimiz bilan baxtni his qila boshlaymiz.
— Biz esa shu hissiyot abadiy bo‘lishini istaymiz. Bugun gul sovg‘a qildikmi, u orqali taqdim etgan quvonchimiz qaniydi ayollarni hech tark etmasa... Biroq ayollarning ajoyib odati bor-da, tez unutib yuborishadi. 9 mart bo‘lishi bilan qovoq-tumshuq qilib qolishlari ham hech gapmas. Bir dona atirgulmi, bir quchoqmi — uni qo‘lga olganlaringizda ko‘zlaringiz yashnab ketishi bizni ham mamnun qiladi! Shu zavqni ushlab qoling. Arzimas sabablar tufayli esdan chiqarib yubormang. Shunda sizni hamisha gul bilan xushnud etgimiz keladi.
— Sizningcha, ayol kishi har doim kulib turishi kerak ekan-da...
— Albatta, bu ayollarning vazifasi.
— Erkaklar-chi?
— Shartmas. Bizning tabiatimiz shunaqa — biroz jizzakiroqmiz.
— Alisher, sizga o‘zingizni tushunish qiyinmi yoki nozik hilqat vakilalarini?
— O‘zimni hamon tushunmayman. Ba’zi vaziyatlarda nima istayotganimni bilmay qiynalaman. Ayollarni tushunish esa oson.
— Yo‘g‘yey, ko‘pchilik buning aksini aytadi...
— Menimcha, ayol kishiga xo‘p deyish kerak. Bahslashish, tortishish befoyda. Mana, sizlarni tushunishning yo‘li.
— Ilk bor kimga gul sovg‘a qilganingizni eslay olasizmi?
— Onamga bo‘lsa kerak. Bog‘cha paytlarimda, adashmasam.
— 8 martda hech qovun tushirib qo‘yganmisiz?
— Yo‘-o‘-o‘q!!!
— Bolalaringizga qarab qanday haqiqatlarni anglayapsiz?
— Vaqt juda tez o‘tayotganini, qariyotganimni tushunayapman. Kechagina chaqaloq bo‘lgan bolalarimning birpasda tili chiqdi, bugun yugurgilab yurishibdi.
— Qarishdan qo‘rqasizmi?
— Yo‘q. Qo‘rqsam-qo‘rqmasam, baribir, vaqtni to‘xtatib qololmayman-ku.
— Komplekslaringiz...
— Hozir deyarli yo‘q. Avvalari bor edi. Ulg‘ayganingiz sari hayotning asl mohiyatini anglab borarkansiz. Bu hayotda kim bilandir tortishib, o‘zingizni isbotlashga urinishlar befoyda. Shu haqiqatni anglagach, o‘zimni borimcha qabul qila boshladim. Komplekslarim ham yo‘qoldi, o‘zim tugul boshqalarning kamchiliklari ham ko‘zimga ko‘rinmay qoldi.
— Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarga she’rlaringizni qo‘ya boshladingiz...
— Avvaliga be’mani ijod namunalariga kesatiq tarzida she’r qoralab yurdim. Ijodni o‘yin bilayotganlarga ko‘zgu tutmoqchi edim. Іali-veri fikrlarim ularga yetib bormaydi. Lekin ko‘rasiz, bu she’rlar yashaydi. Muxlislarimning yozganlarimga munosabat bildirayotganlaridan ilhomlanib, yozishda davom etayapman. O‘zimning uslubimni topgandekman...
— Alisher, siz o‘zini har jabhada sinab ko‘rishdan charchamaydiganlardansiz. Odamlarning hali xonandalikka, hali futbolga o‘zingizni urishingizni qabul qilmasliklaridan cho‘chimaysizmi? Tanqidlar ham yetarlicha bo‘ldi, adashmasam.
— Ko‘zim yetgan ishgagina qo‘l uraman. Agar odamlar nima derkan, deb o‘tirsam, hech narsa qilmasligim kerak. Men bolaligimdan yaxshi ko‘rgan, qiziqqan mashg‘ulotlarim bilan shug‘ullanib ko‘rishga o‘rganganman. Kichkinaligimda televizorning ovozini pastlab, filmlarni dublyaj qilardim, futbol sharhlardim. Qilayotgan barcha ishim ularga bo‘lgan muhabbatim tufayli, aslo mashhur bo‘lish, tanilish yo‘lidagi har tomonga o‘zni urish emas. Tanqidga kelsak, hech kimning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Boshqalarning fikri bilan tanlagan yo‘lingizdan chekinsangiz, hech qachon hech narsaga erisha olmaysiz.
— Farzandlaringizga ham yaxshi ko‘rgan ishlari bilan shug‘ullanishga imkon berayapsizmi?
— Albatta. Umuman, har bir ota-ona farzandining qiziqishlaridan kelib chiqib, turli sohalarga yo‘naltirib ko‘rishi kerak. Iqtidori namoyon bo‘lgani bilan esa shug‘ullanishga ruxsat berishi lozim. Shunda u yomon yo‘llarga yurmaydi, tashqi ta’sirlarga berilmaydi. O‘zini izlaydi.
— Sizning qarashlaringizni o‘zgartirgan, ulg‘aytirgan voqealar.
— Bo‘lgan. Ko‘p bo‘lgan. Otamning vafotidan keyin birdan ulg‘aydim. Tanaffusdagi uch yilim ham oson kechmadi. Bilasizmi, xonandalar sahnadan uzoqlashishsa ham, ijod qilaverishlari mumkin. Qo‘shiqlar yozadi, kuylaydi, kliplar suratga oladi, internetga joylaydi. Muxlislari chin bo‘lsa, o‘zlari topib, eshitaverishadi. Men aktyorman, kamera, kino bilan tirikman. Ijoddan birdan to‘xtab qolganim hayotga nisbatan qarashlarimni o‘zgartirdi. Oldinlari hamma narsaga yengilroq qarardim-da. To‘g‘ri, tushkunlik botqog‘iga botib o‘tirmadim. Ssenariy yozdim. Izlandim. Oq-qorani ajrata boshladim. Atrofimdagilarning munosabati oydinlashdi. Har neda hikmat borligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
— Kimlarni tinglaysiz?
— Nasiba Abdullayevaning ijodini juda yaxshi ko‘raman. Qalbining go‘zalligi qo‘shiqlariga ko‘chgan. Ko‘nglingizga bahoriy tuyg‘ularni olib kiradi. Sevara Nazarxonning shirali va dardli ovozi yoqadi. Dard hech bir yurakka begona emas. Shunga ham Sevarani tinglash bilan ruhan orom olsam kerak. Jahongir Otajonovning ham muxlisiman. O‘zgacha san’atkor.
— Ha, Jahongir Otajanov o‘zini qoliplarga solmagan.
— Aytayapman-ku, o‘zgacha deb. Ijodkor uchun erkinlik juda muhim. Erkinlikni his qilgan san’atkor ko‘ngliga qarshi borib kuylamaydi...
— Alisher, sizga ham ko‘nglingizga quloq tutib yashashni tilab qolamiz. Endi ayollarimizga atalgan bayram tilaklaringizni eshitsak...
— Hozir... o‘ylab olay... Har bir ayol o‘zi sevgan, mehr qo‘ygan insonidan kutgan so‘zlari, izhorlarini hamisha eshitib yursin. Guldan ham avval sizlarni shunday so‘zlar baxtli qiladi.
— Rahmat!
Shoira SHAGIAHMЕDOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Abror ABDULLAYEV
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Fotomuxbir: Abror ABDULLAYEV
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi