16:03 / 28.06.2020
6 055

Ozoda Nursaidova 13 yillik «zapret»ga yulduzlik kasali sabab bo‘lgani haqida gapirdi

Ozoda Nursaidova 13 yillik «zapret»ga yulduzlik kasali sabab bo‘lgani haqida gapirdi
Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati
Ozoda Nursaidova san’atkorlardagi yulduzlik kasali, manmanlik kabi illatlar qalbni zaharlab, oxir-oqibat ularning nazardan qolishiga sabab bo‘lishini kech anglab yetgani haqida gapirdi. Xonanda bilan intervyu madaniyat vazirligi saytida e’lon qilindi.

«Taqdiriga san’atkor bo‘lish qismati bitilgan inson borki, uning mashaqqat-u, sinovlariga bardosh berishga, bu yo‘lda fidokorlikka tayyor turadi. Aks holda san’at yo‘llarida uchraydigan yulduzlik kasali, manmanlik, o‘ziga bino qo‘yish, o‘zgalarni nazar-pisand qilmaslik illatlari qalbni zaharlaydi, oxir-oqibatda nazardan qoladi. Tan olaman, buni men kechroq anglab yetdim, bir muddat muxlislarim ishonchini qozonish armonga aylanib qolgan edi. Shukrki, hayotda yiqilganni turgizib, qoqilganni suyaydigan oliyjanob insonlar bor! Muhtaram Prezidentimizning kechirimliligi, bag‘rikengligi tufayli yana o‘z yo‘limni topish, Vatanim, xalqim mehrini qozonish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

San’atkor uchun o‘z yurti ardog‘idan ortiq baxt yo‘q aslida. Qo‘shiqlarimni sevib tinglaydigan muxlislarim qarshisiga yorug‘ yuz bilan chiqish nasib etganiga shukr», — deydi xonanda.

Xonanda maqom san’atiga mehri bo‘lakcha ekanligini ta’kidladi:

«To‘g‘ri, estrada yo‘nalishidagi ijrolarim ko‘p. Ammo maqom mening jon-u dilim. Bolaligimdan Rasul qori Mamadaliyev ijrosidagi maqomlarni sevib tinglardim. O‘zbek milliy qo‘shiqchiligining asosi maqomchilikda. Chunki mumtoz qo‘shiqlarning jilosi, beqiyos ta’siri inson hissiyotlarini tarbiyalaydi, ijro usullari ham o‘ziga xos murakkab. Shuning uchun ham maqomni maromiga yetkazib ijro etgan san’atkorning mahoratiga hech kim da’vo qilolmaydi. Qo‘pol qilib aytganda o‘g‘irlash, o‘zlashtirish degan tushunchalar maqom uchun begona.

Faqat uni bilar-bilmas aytadigan xonandalar hofiz deya hurmat qilishlariga munosib bo‘lolmaydi. Konservatoriyada o‘qish jarayonida ustozlarim: Fattohxon Mamadaliyev, Foziljon Mamatqulov, Orifxon Xotamovlardan maqom sirlarini qunt bilan o‘rganganman. Ularning e’tirofi, olqishlari menga go‘yoki qanot bag‘ishlardi. Shu paytlarda hofizmi, xonandami, avvalo, ijroni qoyillatib qo‘yishi kerak deb o‘ylardim. Shu mening xatom bo‘lgan. Tan olaman. Axir san’atkor uchun eng zaruri odob-axloq, madaniyatlilik. Orada o‘tgan 13 yillik muddat men uchun juda katta hayot maktabini o‘tadi. Hozirgi kunlarni, o‘z yurtimning sahnasini sog‘inganim bor gap... Shunday mahzun yillarda meni asragan narsa san’atga, yaqinlarimga bo‘lgan mehrim bo‘ldi.

Qolaversa, maqom ashulalarini tinglab, kuylab taskin topardim. Mana endi erkin ijod, dildan kuylash, muxlislarim olqishlari, samimiy nigohlariga guvoh bo‘lish baxtiga egaman. Men maqom maktabini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarda faol qatnashishni burchim, vazifam deb bilaman. O‘z ijromdagi maqom qo‘shiqlaridan albom yaratishni niyat qilganman. To‘g‘risini aytsam, ijro etgan qo‘shiqlarimning deyarli hammasiga o‘zim kuy bastalaganman.

Hatto 13 yillik tanaffusda ham bekor o‘tirmadim. Bir qator xorij davlatlari: Arabiston, Qirg‘iziston, Turkiya, isroillik ijodkorlar bilan hamkorlikda ishladik. Ularning ko‘pgina qo‘shiqlariga kuy bastalab berganman».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozoda Nursaidova 13 yillik «zapret»ga yulduzlik kasali sabab bo‘lgani haqida gapirdi