15:18 / 23.10.2020
5 360

Taniqli bastakor va xonanda Rustam Mahmudov hozir qayerda?

Taniqli bastakor va xonanda Rustam Mahmudov hozir qayerda?
Foto: Instagram / @rustamahmudov
1990 yillarda o‘zbek pop musiqasining eng taniqli vakillaridan biri bo‘lgan bastakor va xonanda Rustam Mahmudov bir necha yillardan buyon ko‘rinmay qoldi. Uning «Bir qiz bor», «Yolg‘izman» va «Sog‘inib» kabi taronalari o‘z vaqtida ancha ommalashgan edi. Jurnalist Nargiza Murodova Rustam Mahmudov bilan bog‘lanib, uning hozir qayerda hamda nima ish bilan mashg‘ul ekanligiga qiziqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rustam Mahmudov 13 yildan buyon Turkiyada yashab, ijod qilib kelmoqda.

— Nega O‘zbekistonda ketishga qaror qildingiz?
— O‘zbekistondagi ijodimni tugatishimning o‘z sabablari bor. 2007 yilda ijodim arosatda qolganini tushundim. San’atda professional va havaskor ijodkor o‘rtasida farq bo‘lishini va xonanda to‘yma-to‘y yurish uchun ijod qilmasligini istardim. Bundan tashqari, mualliflik huquqlariga e’tibor berilmasligi va bu masala hech kimni qiziqtirmasligiga guvoh bo‘ldim. Bu holatlar san’atning inqirozi edi. Ko‘plab savollarimga javob topolmagach, ijodimni Turkiyada davom ettirishga qaror qildim.

Foto: Instagram / @rustamahmudov
— O‘zbek san’atini kuzatib borasizmi va yosh ijrochilardan kimlarni e’tirof eta olasiz?
— Umuman kuzatmayman. Tan olish kerak, professional san’at mutaxassislarining ko‘pchiligi xorijda ijod qilishyapti. Yaxshi o‘zgarishlar ham ko‘p, ammo umumiy hisobda bilishimiz kerak bo‘lgan saviyadan ancha pastroqdamiz. Saviya faqat xonandaga bog‘liq emas. Masalan, O‘zbekistonda bitta qo‘shiqni 5-6 kishi bilan yaratsa bo‘ladi. Turkiyada esa bitta qo‘shiq ustida kamida 25 ta mutaxassis ishlaydi. Shunga yarasha ijodkorlar yaxshigina haq olishadi, bitta qo‘shiq yillar davomida ularni «boqadi».

Rustam Mahmudov taniqli turkiyalik xonanda Serdar O‘rtach bilan
Foto: Instagram / @rustamahmudov

— O‘zbekistonga qaytasizmi?
— Men O‘zbekistonni butunlay tark etmaganman, bunday niyatim ham yo‘q. Yaqinlarimni sog‘inganda u yerga borib, xabar olaman. Turkiya menga malaka oshirish va o‘z ustimda ishlash uchun qulay, bu yerdaligimni ijodiy safar deb aytsa ham bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Taniqli bastakor va xonanda Rustam Mahmudov hozir qayerda?