08:00 / 28.02.2023
816

1 martdan qonunchiligimizda nimalar o‘zgaradi?

1 martdan qonunchiligimizda nimalar o‘zgaradi?

2023 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.

Yashil energiya uchun imkoniyatlar kengayadi

Prezidentning 2023 yil 16 fevralda qabul qilingan “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 1 martdan boshlab:

Yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda ko‘rsatilgan quvvatdan yuqori bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qo‘shimcha texnik shart olish talab etilmaydi.

IT-park rezidentlariga qo‘shimcha imtiyoz beriladi

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 fevraldagi qaroriga muvofiq, 1 martdan boshlab IT-park direksiyasiga uning rezidentlari tomonidan har oy o‘tkaziladigan ajratmalar miqdori, ular tomonidan yaratilgan dastur, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar auditoriyasining qamrovi 500 ming foydalanuvchidan oshganda 25 foizga, 1 million foydalanuvchidan oshganda 50 foizga pasaytiriladi. 

Inson huquqlari sohasida o‘quv kurslari boshlanadi

Prezidentning 2023 yil 7 fevraldagi qaroriga ko‘ra, 1 martdan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini doimiy ravishda tashkil etish boshlanadi. O‘quv kurslari 1 martdan boshlab milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda onlayn va oflayn formatda tashkil etiladi. 

Tadbirkorlar soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin 

Prezidentning 2023 yil 2 fevralda qabul qilingan “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan: 

Tadbirkorlik sub’yektlarining 2023 yil 1 yanvarga nisbatan 1 fevral holatiga oshgan (hosil bo‘lgan) soliq qarzini 2023 yil 1 martdan 1 iyulga qadar foizlarsiz, qo‘shimcha shartlar qo‘ymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;

Tadbirkorlik sub’yektlariga 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar-fevral oylarida davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini 2023 yil 1 martdan boshlab 1 iyulga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

Soliq to‘lovchilarga soliq tekshiruvlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi beriladi

Prezidentning 2022 yil 9 noyabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2023 yil 1 martdan boshlab:

soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;

axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nodavlat xizmatlar ko‘rsatish tartibi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxs tomonidan belgilanadi;

Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

Uch bosqichli sport musobaqalari o‘tkaziladi  

Prezidentning 2022 yil 4 aprelda qabul qilingan “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 martdan boshlab olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy qilinadi. Bunda birinchi bosqichda tuman (shahar) musobaqalari, ikkinchi bosqichda viloyat musobaqalari hamda uchinchi bosqichda respublika (final) musobaqalari o‘tkaziladi.

Qimmatlashi kutilayotgan benzin

Prezidentning 2022 yil 12 dekabrdagi qarori bilan 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llanayotgan edi. 2023 yil 1 martdan ushbu muddat tugaydi va AI-80 rusumli benzin qimmatlashi mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 1 martdan qonunchiligimizda nimalar o‘zgaradi?