1 may kunidan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi.
Ish haqi oshadi
Prezident farmoniga ko‘ra, 1 may kunidan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi. Shuningdek, O‘zbekiston hududida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 980 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 ming so‘m etib belgilanadi.
Jarimalar uchun 50% chegirma
Tegishli qonunga muvofiq 2023 yil 1 maydan ma’muriy jarimalarni 15 kun ichida to‘laganlik uchun chegirma miqdori oshiriladi. Bunda huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi. Mazkur tartib sud qaroriga asosan qo‘llanadigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Imtiyozli transport kartalari «ishga tushadi»
1 maydan shahar yo‘lovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalari respublikaning barcha shaharlarida beriladi. Prezident qaroriga muvofiq shahar yo‘lovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish respublikaning barcha shaharlarida amalga oshiriladi.
Ayrimlarga xaridi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi
Prezidentning tegishli qaroriga asosan 2023 yil 1 maydan boshlab «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan jismoniy shaxslarga ayrim turdagi tovarlar xaridi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib beriladi. Ya’ni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obyektlarida tuxum, o‘simlik yog‘i hamda mol, qo‘y, parranda go‘shtlari xaridini amalga oshirganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazganda, ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi respublika budjetidan qaytariladi.
«Metan-zapravka»larga onlayn kamera o‘rnatish majburiy bo‘ladi
Prezidentning 2023 yil 10 fevraldagi «Tadbirkorlik subyektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan 1 maydan qator tartiblar o‘rnatilmoqda.
Jumladan:
– avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralarini o‘rnatish hamda ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish majburiy hisoblanadi;
– paxta xomashyosi, g‘alla yoki sholini qabul qilish va hisobini yuritish bo‘yicha axborot tizimlarining operatorlari o‘z tizimlarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishlari majburiy hisoblanadi;
– to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun (olingan haq, komissiya uchun «0» so‘m bo‘lgan taqdirda ham) elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etadi va rasmiylashtiradi.
Yangi «dom»larning tomiga quyosh panellari o‘rnatish majburiy bo‘ladi
Prezidentning 2023 yil 16 fevralda qabul qilingan «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 1 maydan boshlab foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinadi.
Shuningdek, 1 maydan boshlab yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi. Respublikadagi barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50 foizi ushbu obyektlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.
Ayrimlarga shifoxonada bepul ovqat beriladi
Prezidentning tegishli qarori bilan 2023 yil 1 maydan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashda qator tartiblar o‘rnatilmoqda. Jumladan, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi.
Shuningdek, statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi hamda bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining yaqinlari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi
Prezidentning tegishli farmoni bilan vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga 2023 yil 1 maydan boshlab qator imtiyozlar berilmoqda.
Jumladan:
– oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
– oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi;
– belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turar joy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi;
– qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinadi;
– halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turar joy bo‘lmagan taqdirda).
Rahbar kadrlar uchun o‘quv kurslari joriy etiladi
Prezidentning 2023 yil 7 fevraldagi tegishli qaroriga asosan, 2023 yil 1 maydan boshlab rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari)ni joriy qilinadi. Bunda, mazkur o‘quv kurslarini Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformasi orqali tashkil etishga ruxsat beriladi.
Bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga ruxsat etiladi
Prezidentning 2022 yil 10 noyabr kuni qabul qilingan «Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2023 yil 1 maydan quyidagilarga ruxsat berilmoqda:
– tijorat banklariga ariza beruvchini masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, ta’sischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga;
– yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni, ularning iste’moli to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Grandlar nishonida turgan Husanovning o‘yini Yevropada qanday baholandi?
JCH-2026 saralashi. Qirg‘iz Respublikasi Eronga qarshi o‘yinda baribir mag‘lub bo‘ldi