18-oktabr kuni “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasidagi “Boqiy shahar”da "Cultural night" madaniy tadbiri o‘tkazildi. Tadbir Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi yubiley 25-sessiyasining eng yorqin voqealaridan biriga aylandi.
Ma’lumot uchun, "Cultural night" O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan UNWTO Bosh Assambleyasi doirasida ilk bor tashkil etilayotgan madaniy kechadir. Tadbir etnik an’analar va liboslar namoyishini o‘z ichiga oladi va tadbir tashkilotchilari hamda ishtirokchilar namuna sifatida milliy kiyimlardan foydalanadilar.
Madaniy tadbirda 140 ta davlatdan delegatlar, turizm vazirlari va ma’muriyatlari rahbarlari, xalqaro va mahalliy tashkilotlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Madaniy kecha doirasida milliy folklor ansamblining chiqishlari, gala-konsert, mehmonlar, raqqosalar ishtirokida “Boqiy shahar” bo‘ylab sayohat, hunarmandchilik yarmarkasi va O'zbekiston viloyatlarining an’anaviy san’at namoyishlari kabi tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
An’anaviy gala-konsert yakunida rang-barang dron-shou va bayramona salyutlar majmua osmonini yoritdi.
Ta’kidlash joizki, “Cultural night” madaniy tadbiri ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi turizm imijini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring