Kuzgi sovuq ob-havo boshlanishi bilan issiqlik masalasi yurtdoshlarimiz orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinadigan masalalardan biriga aylanib bormoqda. Foydalanuvchilar nima uchun issiqlik tizimi ob-havo harorati ketma-ket besh kun davomida +8 darajadan past bo‘lgan taqdirdagina issiqlik tizimi ishga tushirilishi haqida munozaralar olib bormoqda. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qaroriga asoslangan mazkur qoida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab savol va tanqidlarni keltirib chiqardi.
O‘zbekistonda isitish tizimi qachon ishga tushiriladi?
Odatda isitish tizimi shahar hokimi buyrug‘i bilan ishga tushiriladi, lekin bu ko‘pincha ob-havo sharoitiga bog‘liq. O‘tgan yillardagi isitish mavsumlarining boshlanishi va tugashi haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil uylarga issiqlik 10 noyabrdan tarqatiladi. Quvurlarning yorilishi kabi ko‘plab baxtsiz hodisalar ehtimoldan xoli emas. Shu sababdan tizim odatda dam olish kunlari yoqiladi. Bunday paytlarda aholi o‘z uyida bo‘lishi va radiatorlar quvvatini nazorat qilishi zarur.
Radiatorlarga issiq suv qachondan yuboriladi?
Sovuq kunlar boshlanishi bilan Toshkent aholisi isitish tizimlari yoqilishini intiqlik bilan kutadi. Aholining ta’kidlashicha, isitish tizimini ishga tushirish Toshkent shahar hokimining buyrug‘iga bog‘liq, lekin amalda ob-havo sharoitiga qarab belgilanadi.
“Isitish tizimi Toshkent shahar hokimining buyrug‘i bilan ishga tushiriladi, lekin aslida bu faqat Allohga, ya’ni ob-havoga bog‘liq. Yangilik davlat veb-saytlari va televideniye orqali e’lon qilinadi. Shu sababdan barcha yangiliklarni qoldirmay kuzatib boramiz”, deya o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi shahrimizning chekka tumanida yashovchi fuqaro.
Yuqoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, tizimning ishga tushirilishi ob-havo sharoitiga qarab har yili o‘zgarishi mumkin. Misol uchun, bu yil 1, 2, 3, 4 va 5 noyabr kunlari uchun ob-havo kunduz kuni +20 dan +25 daraja issiq bo‘lishi kutilmoqda. Bunday haroratlarda esa Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qaroriga asosan yaqin kunlarda radiatorlarga issiqlik kelishi dargumon.
O‘tgan yillarda O‘zbekistonda issiqlik berilgan sanalar:
- 2023 yil — 6 noyabr;
- 2022 yil — 24 oktyabr;
- 2021 yil — 14 oktyabr;
- 2020 yil — 17 oktyabr;
- 2019 yil — 30 oktyabr.
Toshkent shahrida so‘nggi yillarda isitish mavsumining boshlanish va tugash sanalari:
- 2020/21: 2020 yil 17 oktyabrdan 2021 yil 7 aprelgacha (174 kun);
- 2021/22: 2021 yil 14 oktyabrdan 2022 yil 1 aprelgacha (170 kun);
- 2022/23: 2022 yil 24 oktyabrdan 2023 yil 10 martgacha (138 kun);
- 2023/24: 2023 yil 8 noyabrdan 2024 yil 26 martgacha (140 kun).
Goldenpages.uz ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 4 yil ichida, isitish tizimi oktyabr yoki noyabr oyining boshida yoqilgan bo‘lib, mavsum o‘rtacha 138 dan 174 kungacha davom etgan.
Nima uchun +8 daraja va bu qoida qanday kelib chiqqan?
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qaroriga asosan ob-havo harorati ketma-ket besh kun davomida +8 darajadan past bo‘lgan taqdirdagina issiqlik tizimi ishga tushiriladi. Bu qoida yangilik emas: shunga o‘xshash band O‘zbekiston SSR hukumatining 1985 yildagi 497-sonli qarorida ham mavjud edi. Biroq mazkur qaror 1960—70 yillarda, harorat nisbatan barqaror hamda bugungi kundagidek keskin o‘zgarishlar mavjud bo‘lmagan vaqtda qabul qilingan.
Haroratning keskin o‘zgarishi
2024 yil oktyabr oyida O‘zbekistonda havo ayniqsa o‘zgarib turadi. Masalan, 20 oktyabr kuni kunduzi havo harorati +30 darajaga yetgan bo‘lsa, 17 oktyabr kuni ertalab u nolga tushib, o‘rtacha kunlik havo harorati +8 darajani tashkil qildi. Ob-havoning bunday keskin tushib ketishi markaziy isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli binolarda, ayniqsa, beton devorli binolarda namlikni oshirdi. Natijada zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi mavjud bo‘lmagan eski uylarda yashovchi aholi sovuq uylarda yashashiga to‘g‘ri keldi.
+8 daraja qoidasi hozir ham amaldami?
So‘nggi yillarda hokimiyat ob-havo sharoitlaridan kelib chiqqan holda bu qoidaga qat’iy rioya qilmayapti. O‘tgan yillar davomida havo harorati besh kun davomida +8 darajadan pastga tushmagan bo‘lsa ham, isitish mavsumi rasman belgilangan sanadan oldinroq boshlandi. Masalan, 2021 yilda isitish tizimi 14 oktyabrda, 2022 yilda 22 oktyabrda, 2023 yilda esa 3 noyabrda yoqilgan. Ehtimol, bunga haroratning keskin pasayishi hamda fuqarolarning talablari sabab bo‘lgan.
“Toshkent observatoriyasi” meteorologiya stansiyasi ma’lumotlari asosida tuzilgan 2024 yil oktyabr oyi uchun havo harorati jadvali haroratning sezilarli o‘zgarishini ko‘rsatmoqda, bu esa “+8 daraja” qoidasining to‘g‘riligiga shubha tug‘diradi.
Qo‘shni mamlakatlar tajribasi: standartlardan chetga chiqish qo‘shni davlatlar amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, +8 daraja qoidasi ham har doim ham amaliyotga to‘g‘ri kelavermaydi. Masalan:
Chimkentda (Qozog‘iston) isitish 21 oktyabrda, o‘rtacha kunlik harorat +8 emas balki, +15 daraja bo‘lgan paytda yoqilgan. Faqat 23 oktyabrga kelib harorat +8 darajadan pastga tushgan.
Olmaotada garchi oldingi besh kun ichida havo harorati +12...+17 daraja oralig‘ida bo‘lgan bo‘lsa ham isitish mavsumi 7 oktyabrda boshlandi.
Bishkek (Qirg‘iziston) qoidalarga nisbatan qat’iy amal qilgan holda: 15—19 oktyabr kunlari havo harorati +8 darajadan past bo‘lganligi sababli 22 oktyabrdan poytaxtdagi uy va boshqa ijtimoiy obyektlarga issiqlik berila boshlandi.
Qoidalarini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldimi?
Iqlimshunos Erkin Abdulaxatov “Gazeta.uz” gazetasiga bergan intervyusida ushbu yondashuvni tahlil qilib, bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U hozirgi iqlim o‘zgarishlari isitish tizimlarida yanada moslashuvchan yondashuvni talab qiladi deb hisoblaydi. Iqlim o‘zgarishi kuz faslida ko‘pincha haroratning keskin o‘zgarishiga olib keladi, bu esa odamlarning sovuqqa moslashishini qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, o‘tgan asrda qurilgan ko‘plab binolar sovuqqa bardosh bera olmaydi, bu esa o‘z vaqtida issiqlikka bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.
Erkin Abdulaxatov xona ichidagi qulay harorat nafaqat tashqi havoga, balki namlik, quyosh nuri va shamol kabi omillarga ham bog‘liqligini ta’kidladi.
Isitish mavsumining boshlanishini aniqlashda kompleks yondashuvlar
Olim O‘zbekistonda isitish mavsumini boshlanishning maqbul muddatini belgilash uchun zamonaviy iqlim ma’lumotlariga asoslangan yangi me’yoriy hujjat ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi va bunda aholi fikri, iqlimning sog‘liqqa ta’siri bo‘yicha tadqiqot natijalari, shuningdek, turar joy binolarining dizayn xususiyatlari hisobga olinishi kerak.
Havo harorati, namlik, shamol tezligi, quyosh nuri va boshqa murakkab faktorlarni hisobga olgan holda o‘z vaqtida taqdim etilgan qulay harorat muhiti odamlarning jismoniy va iqtisodiy samaradorligiga ta’sir qiladi, deb tushuntiradi Abdulaxatov.
Iqlim o‘zgarishi va qulay xona haroratiga bo‘lgan ehtiyoj, belgilangan standartlarni qayta ko‘rib chiqish zaruratini tug‘dirmoqda. O‘zgaruvchan iqlim sharoitida qat’iy “+8 daraja” qoidasiga rioya qilish bugungi kun standartlariga javob bermaydi. O‘zbekiston aholisi uchun qulay va xavfsiz muhitni ta’minlashda keng qamrovli iqlim ma’lumotlari va bioiqlim sharoitlarini hisobga olgan yangi standartlarni ishlab chiqish vaqti keldi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi