18:40 / 23.01.2025
86

2030 yilgacha kamida 100 ta «Yangi Oʻzbekiston» massivi quriladi

2030 yilgacha kamida 100 ta «Yangi Oʻzbekiston» massivi quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

Davlat rahbari hokimlar uy-joy qurilishiga faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi deb emas, balki hududini iqtisodiy rivojlanishida asosiy «drayver» sifatida qarashi zarurligini ta'kidladi.

Oʻtgan yili uy-joy qurilishida Toshkent shahri, Navoiy, Buxoro, Xorazm va Samarqandda ishlar yaxshi tashkil qilingani aytildi. Lekin «Yangi Oʻzbekiston» massivlaridagi ishlarning borishi qoniqarsiz ekani qayd etildi. Qoraqalpogʻiston, Jizzax va Sirdaryoda esa infratuzilma va quruvchilar bilan ishlash oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Xorazmda 98 ta, Buxoroda 65 ta, Jizzaxda 19 ta, Navoiyda 12 ta auktsionda sotib olingan erda qurilish boshlanmagan. Ba'zi xonadonlar aholi va infratuzilmadan uzoq, talab boʻlmagan joyda qurilgani uchun bir yildan beri sotilmayapti.

«Yangi Oʻzbekiston» massivlarini qurish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi ta'kidlandi. Endi «Yangi Oʻzbekiston» massiviga berilgan er boʻyicha loyihalashni 2 oydan, qurilishni boshlashni 3 oydan oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu talab buzilsa, er qaytarib olinib, qayta auktsionga chiqariladi. Loyiha ekspertizasini oʻn besh kundan oʻtkazib yuborgan tashkilotlarning litsenziyasi toʻxtatib qoʻyiladi.

«Yangi Oʻzbekiston» massivi uchun berilgan erlarning 10 foizi developerlarga tijorat binolarini qurishi uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi.

Bu uylarni pastki qavatida xususiy bogʻcha tashkil qilishga ruxsat berilishi, ular mulk soligʻidan ham ozod qilinishi ta'kidlandi.

Hokimlarga bu massivlarga koʻchib keladigan aholining talabini hisobga olib pastki qavatlarda bogʻcha tashkil qilishni boshlash topshirildi.

Mamlakatimizda 2030 yilgacha kamida 100 ta «Yangi Oʻzbekiston» massivini qurish reja qilingan.

Yangi massivlar uchun erlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metr xonadon quriladi.

Joriy yil «Yangi Oʻzbekiston» massivlari infratuzilmasi uchun 1,2 trillion soʻm beriladi.

Hozir «Yangi Oʻzbekiston» massivi uchun mas'ul yagona tashkilot boʻlmagani uchun, er qayerdan ajratiladi, infratuzilma qanday boʻladi, qayerga daraxt ekiladi, sugʻorish va drenaj tizimi qanaqa oʻtkaziladi, degan savollarga javob yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois, bu ishlarni tashkillashtirish uchun «Oʻz uyim» kompaniyasi tashkil qilinadi. Ushbu kompaniya «Yangi Oʻzbekiston» massivlariga er tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas'ul boʻladi.

Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilib, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston