Senatning uchinchi yalpi majlisida «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog» faxriy unvonini ta'sis etish toʻgʻrisida»gi Qonun koʻrib chiqildi.
Soʻnggi yillarda barqaror rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqib, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta'minlash boʻyicha yangicha yondashuv asosida islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ekologik barqarorlikning muhim omili sifatida hududlarni koʻkalamzorlashtirish, daraxtlarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish va saqlab qolish borasida tizimli choralar koʻrilmoqda.
Orolning qurigan tubini yashil qoplamalar bilan qoplash, shuningdek, sanoat korxonalari va transport vositalari tashlamalarini qisqartirish borasida choralar koʻrilmoqda.
Mazkur tadbirlar nafaqat yurtimiz, balki mintaqada ekologik barqarorlik maqsadlariga xizmat qilmoqda.
Sohani rivojlantirishning kontseptsiyasi va uning yoʻnalishlari boʻyicha strategiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ekologik barqarorlikni ta'minlashda davlat va jamoat organlari, keng jamoatchilik vakillari birgalikda sa'y-harakatlarni amalga oshirishmoqda.
Sohada bevosita va bilvosita faoliyat olib borayotganlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning mehnatlarini munosib ragʻbatlantirish maqsadida «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog» faxriy unvonini ta'sis etish nazarda tutilmoqda.
Mazkur faxriy unvon mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, bioxilmaxillikni saqlash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan fuqarolarga beriladi.
Shuningdek, ushbu unvon bilan ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus koʻrsatgan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlar va soha vakillari, ekofaollar ham taqdirlanadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar