
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Kuvaytda boʻlib turibdi. Tashrif doirasida Oʻzbekiston prezidenti ushbu mamlakatning etakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Xususan, tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev Fouad Alghanim & Sons kompaniyasi rahbari Fadi Xaddadni qabul qildi.
1965 yilda tashkil etilgan xolding avtomobilsozlik, qurilish, energetika, neft-gaz, savdo, kema qurilishi, aviatsiya, telekommunikatsiya, turizm va koʻchmas mulk sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Fouad Alghanim & Sons kompaniyasining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sogʻliqni saqlash va ta'lim ob'ektlarini qurish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Agility Logistics kompaniyasi raisi Xenadi al-Solih bilan oʻtkazilgan uchrashuvda esa Koʻrfaz mamlakatlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini samarali etkazib berish uchun Oʻzbekistonda qoʻshma logistika markazini tashkil etish boʻyicha istiqbolli loyihaga alohida e'tibor qaratildi.

1979 yilda tashkil etilgan transmilliy logistika kompaniyasi bu sohada dunyoning eng yirik korxonalaridan boʻlib, 70 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda. Aviatsiya xizmatlari, sanoat omborlari, logistika parklari, xizmatlarni raqamlashtirish kabi yoʻnalishlarda ish olib bormoqda.
Shuningdek, rasmiy tashrif doirasida Oʻzbekiston prezidenti Action Group Holdings kompaniyasi rahbari Shayx Muborak as-Sabohni qabul qildi. Davlat rahbari Action Group Holdings kompaniyasining Oʻzbekistonda gidroelektr stantsiyalari va ijtimoiy uy-joylar qurish, mineral resurslarni qayta ishlash boʻyicha rejalarini ma'qulladi.

Kamco Invest kompaniyasi rahbari Abdulloh al-Sharix bilan uchrashuvda esa xususiy kompaniyalarning korporativ faoliyati samaradorligini oshirish loyihasini amalga oshirish hamda Qoʻshma investitsiya platformasii yaratish boʻyicha kelishuvga erishildi.

1998 yilda tashkil etilgan Kamco Invest moliyaviy kompaniyasi aktivlarni boshqarish, investitsion banking va brokerlik sohasida xizmatlar koʻrsatadi. BAA, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Buyuk Britaniyada vakolatxonalari mavjud.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Al Imtiaz Investment Group kompaniyasi boshqaruvi a'zosi va ijrochi direktori Fuzi Xolid bin Essa bilan uchrashdi. Kuvayt kompaniyasining oziq-ovqat etishtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, koʻchmas mulk ob'ektlarini qurish boʻyicha tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev oʻziga ajratilgan qarorgohda Kuwait Investment Company kompaniyasi bosh ijrochi direktori Favoz al-Ahmadni qabul qildi. Uchrashuvda ta'lim, infratuzilma, agrosanoat, sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish qoʻllab-quvvatlandi.

Gulf Care General Trading kompaniyasi rahbari doktor Iyad as-Solih bilan uchrashuvda esa ushbu kompaniyaning Oʻzbekiston hududlarida tibbiy xizmat koʻrsatish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish borasidagi rejalari qoʻllab-quvvatlandi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar