
5 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash faoliyati yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbari sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda sudlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirilganiga qaramay, sudyalarni majlisga chaqirish, ularga vakolatiga kirmaydigan vazifalarni yuklash holatlari ham uchrab turgani qayd etildi. Shuningdek, ayrim idoralar tomonidan sudga ta’sir o‘tkazishga urinishlar hali-hanuz davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
«Barcha rahbarlarni qat’iy ogohlantiraman. Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish deb baholanadi. Bu bo‘yicha so‘rov ham, javobgarlik ham qattiq bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga odil sudlovni amalga oshirishda advokatlar o‘rni juda muhimligi, bu borada advokatlarga himoyasidagi fuqaroga o‘z vaqtida huquqiy yordam ko‘rsata olishlari uchun imkoniyat yaratish kerakligi qayd etildi.
«Mutasaddilarga uch oy ichida sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishida advokatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha qonun loyihasini kiritish topshirildi», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

«Islohotlarimiz natijadorligi avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bog‘liq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart», – dedi prezident.
Shu maqsadda maktab direktorlari Tarbiya fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi ta’kidlandi.
Rektorlar esa talaba va yoshlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari, startap va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yishi zarur.
Umuman, «korrupsiya – kelajakka tahdid» degan g‘oya asosida Yangi O‘zbekiston yoshlari qalbidan joy oladigan tizim yaratilsa, ayni muddao bo‘lishi ta’kidlandi.
Prezident jamoatchilik vakillari va nodavlat tashkilotlariga murojaat qildi.
«Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak.
Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yanada ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilishimiz zarur. Avvalo, nodavlat tashkilotlar faolligini oshirish lozim. Bu – eng to‘g‘ri yo‘l», - dedi davlat rahbari.
Parlament nodavlat tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Masalan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlar jalb qilinsa, katta samara berishiga ishonch bildirildi.
Ushbu maqsadlar uchun yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga har yili 10 milliard so‘mdan ajratib boriladi.
«Korrupsiyani yengish uchun birinchi navbatda uning ortiqcha hashamat va dabdaba degan “o‘q ildizlarini” quritishimiz shart.
Eng achinarlisi, bunga taniqli shaxslar bosh-qosh bo‘lyapti, odamlar ularga tenglashaman deb, o‘zini “o‘tga-cho‘g‘ga” uryapti.
Bu borada ayrim rahbarlar o‘zining kamtarona turmush tarzi bilan barchaga namuna bo‘lish o‘rniga, bunday soxta qadriyatlar asiriga aylanib, noqonuniy daromad topishga intilayotgani ham bor gap», - dedi prezident.
Shu bois, davlat rahbari parlament palatalari, mahalliy kengashlar, jamoatchilik vakillari, mahalla raislari, nuroniylarni bu masalaga bosh-qosh bo‘lib, aholi orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishga chaqirdi.
«Korrupsiyaga qarshi kurashda barchamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, yanada katta ijobiy samaraga erishamiz.
Shu bois, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak.
Bugun sizlar bilan birga belgilab olingan barcha vazifalar aynan ana shunday ruhda ishlab, aniq natijaga erishishga qaratilgan.
Sizlar bu haqiqat va talabni chuqur anglab, ularni amalga oshirishda alohida jonbozlik ko‘rsatasiz, barchaga namuna bo‘lasiz, deb ishonaman», - dedi prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar