16:00 / 04.04.2025
311

Shavkat Mirziyoyev: Afg‘oniston masalasida maslahatga tayyormiz

Shavkat Mirziyoyev: Afg‘oniston masalasida maslahatga tayyormiz
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida nutq so'zlab, mintaqa xavfsizligi va Afg'oniston bilan hamkorlik masalalariga alohida to'xtalib o'tdi, deb president.uz xabar berdi.

Uning ta'kidlashicha, umumiy tahdidlar — terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb bo'lib bormoqda.

Prezident Yevropa Ittifoqining terrorizmga qarshi kurashish yuzasidan muloqot boshlash tashabbusini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Shu bilan birga, BOMCA va CADAP dasturlari doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Afg'oniston masalasiga to'xtalar ekan, Mirziyoyev O'zbekiston ushbu mamlakatda tinch taraqqiyotni ta'minlash yuzasidan siyosiy maslahatlashuvlarga tayyor ekanini bildirdi.

“Jahon hamjamiyati Afg'onistondan kelayotgan tahdidlarni yetarlicha baholay olmayapti. Bu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali ijtimoiy sohani tiklash zarur”, dedi u.

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyatni amaldagi afg'on hukumati bilan konstruktiv muloqot o'rnatishga chaqirdi.

Sammit yakunida, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatida har yili Bosh vazir o'rinbosarlari darajasida Sheriklik qo'mitasi yig'ilishlarini o'tkazish taklif qilindi.

Prezident ilgari surilgan tashabbuslar va kelishuvlarni amalga oshirish uchun “Yo'l xaritasi”ni tayyorlash taklifini ham bildirib o'tdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston