
O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi birinchi Shokolad muzeyi ochildi, deb UPL.uz xabar berdi. Yaqinda etnografik “Navruz” bog‘ida noyob madaniy maskan — Shokolad muzeyi ish boshladi. Ushbu loyiha Iman Chocolate & Fruits kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Muzey mehmonlarni shokolad tarixi bo‘ylab qiziqarli sayohatga olib kiradi — qadim sivilizatsiyalardan tortib zamonaviy qandolat san’atigacha bo‘lgan davr yoritiladi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston va dunyo me’moriy yodgorliklarining shokoladdan yasalgan miniatyuralari, shuningdek, mashhur tarixiy shaxslarning haykallari namoyish etilgan. Jami 19 ta ekspozitsiya mavjud bo‘lib, ulardan 16 tasi qo‘lda yasalgan eksklyuziv shokolad haykallardir.
Ular orasida Toshkent va Samarqand madrasalari, Kalta Minor, Alisher Navoiy va Amir Temur, shuningdek, Toj Mahal, Ozodlik haykali, Eyfel minorasi, Kolizey va Marvel olamidan Tanosning qo‘li mavjud.
Ushbu asarlar uchun asosan qora shokoladdan 850 kg ishlatilgan, ikki obyekt esa oq shokoladdan yasalgan. Har bir haykalni tayyorlashga kamida 7 kunlik qo‘l mehnati sarflangan. Maxsus shokolad lak bilan qoplangan haykallar tegishli sharoitda bir yilgacha saqlanadi.
Muzeyda tashrif buyuruvchilar shokolad tarixini o‘rganish, ekspozitsiyalarga teginish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, u yerda ishlab chiqarish sexi ham mavjud bo‘lib, mehmonlar to‘liq shokolad tayyorlash jarayonini kuzatishlari mumkin.
Yaqin kelajakda tajribali qandolatchilar boshchiligida master-klasslar bo‘limi ham ochilishi rejalashtirilgan. Muzey har kuni soat 9:00 dan 18:00 gacha ochiq.
Chipta narxlari:
• bolalar uchun – 50 000 so‘m;
• kattalar uchun – 75 000 so‘m;
• turistlar uchun – 100 000 so‘m.
Muzey ochilishi madaniy turizmga hissa qo‘shishi va milliy qandolat san’atini ommalashtirishi kutilmoqda.
Shokolad MuzeyiToshkent ShahriMadaniy TurizmEksklyuziv HaykallarShokolad TarixiMaster Klasslar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing