
O‘zbekiston hududida o‘sib turgan, tarixiy va tabiiy jihatdan katta ahamiyatga ega bo‘lgan yana 9 ta noyob va qadimiy daraxt Monumental Trees xalqaro ro‘yxatidan o‘rin oldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, bu ro‘yxatdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Chimboy tumanida joylashgan 100 yildan ziyod umr ko‘rgan 5 tup qayrag‘och daraxti o‘rin olgan. Shuningdek, Jizzax viloyatining markazida joylashgan va yoshi 200 yildan oshib ketgan tut daraxti ham xalqaro ro‘yxatga kiritilgan.

Samarqand viloyati ham o‘zining asriy daraxtlari bilan ushbu xalqaro ro‘yxatdan joy oldi. Kattaqo‘rg‘on shahridagi yoshi taxminan 250-300 yil bo‘lgan tut daraxti, Narpay tumanidagi 450 yoshli va Payariq tumanidagi 1000 yildan ko‘proq yashagan chinor daraxti Monumental Trees ro‘yxatidan o‘rin oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Forish tumanidagi 1500 yillik sharq biotasi daraxti, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi yoshi 1160 yilga yetgan chinor, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 1000 yillik archa, 800 yillik yong‘oq va 600 yillik chinor, Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi 900 yillik chinor, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi 700 yillik chinor va Jizzax viloyati Zomin milliy tabiat bog‘idagi 700 yillik boboyong‘oq daraxtlari ham Monumental Trees xalqaro ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida ushbu xalqaro ro‘yxatga o‘zining tabiiy meros obyektlarini kiritgan birinchi davlat hisoblanadi. MDH davlatlari ichida esa O‘zbekiston ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan uchinchi mamlakat bo‘ldi (Rossiya va Ozarbayjondan keyin).
Monumental Trees loyihasi jahondagi eng qadimiy va katta daraxtlar haqida ma’lumot to‘plovchi xalqaro onlayn platforma bo‘lib, unda daraxtlarning fotosuratlari, o‘lchamlari (balandligi, diametrlari), koordinatalari va boshqa muhim ma’lumotlar chop etiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar