date
views 35

Sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladi

Sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladi
Prezidentning “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi negizida Prezident administratsiyasi huzurida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etiladi.

Agentlik o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, malakalarni baholash sohalarida tashqi sifat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Agentlik o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini (ta’lim tashkilotlari) kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazadi. Bunda:
  • kompleks davlat akkreditatsiyasi har 5 yilda ta’lim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida o‘tkaziladi;
  • maxsus davlat akkreditatsiyasi kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilayotgan ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘quv jarayoni boshlanishidan oldin o‘tkaziladi.

Shuningdek, agentlik ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining zamonaviy mehnat bozori talablariga mosligini o‘rganish maqsadida Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasini o‘tkazadi.

2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatildi. Shuningdek, kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Mazkur talab davlat oliygohlari uchun ham, nodavlat (xususiy) oliygohlar uchun ham birdek amal qiladi. Bunda sirtqi ta’limga qabul barcha yo‘nalishlarda tugatiladi. Hozir o‘qiyotgan yuqori bosqich talabalari o‘qishini sirtqida davom ettiradi.

Sirtqi ta’limning o‘rniga kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Shuningdek, maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitishga ruxsat beriladi.

Oliygohlarda muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50 foizidan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Magistratura bosqichida muqobil ta’lim shaklida o‘qitishga ruxsat beriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladi