date
views 151

Prezident tibbiyot sohasida katta o‘zgarishlar va’da qildi: shifokorlarning oyligi 1500 dollarga yetadi!

Prezident tibbiyot sohasida katta o‘zgarishlar va’da qildi: shifokorlarning oyligi 1500 dollarga yetadi!
Bugun davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim va keskin qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilishda birgina tuman misolida 12 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan 7 ta yirik hamda 27 ta kichik poliklinikalarning tubdan qayta tashkil qilinishi belgilab berildi.

Ushbu yangilanishlar doirasida tuman markaziy poliklinikasi endi tuman shifoxonasi qoshidagi zamonaviy maslahat-diagnostika markaziga aylantiriladi. Bu yerda aholiga tor soha mutaxassislari – kardiolog, endokrinolog, onkolog kabi yuqori malakali tibbiy xodimlar xizmat ko‘rsatadigan bo‘ladi.

Qabul qilingan qarorlar bilan tibbiy xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash hamda ularning ish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, yangilangan poliklinikalarda ish boshlaydigan oilaviy shifokorlarning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiralarning oyligi esa 300 dollar bo‘lishi belgilandi.

Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari o‘z malakalarini oshirib, tegishli sertifikat oladigan bo‘lsalar, bazaviy maoshiga yana shuncha miqdorda ustama qo‘shiladi. Bu degani, malakali shifokorlar kamida 1000 dollar, hamshiralar esa 600 dollar bazaviy ish haqiga ega bo‘ladilar.

Prezident bu borada yana bir muhim jihatga alohida e’tibor qaratdi. Agar tibbiyot xodimlari o‘z mahallalarida uyma-uy yurib, aholining salomatligi holatini kuzatib borishsa, surunkali kasalliklarga chalinganlarni doimiy nazoratga olib, ularga kasallikni boshqarish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishsa, og‘ir kasalliklarning erta bosqichda aniqlanishini ta’minlab, favqulodda vaziyatlarning oldini olishsa, ularga qo‘shimcha moddiy rag‘bat berish choralari ko‘riladi.

Masalan, infarkt, insult, onkologiya va diabet kabi xavfli kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlab, aholining tez tibbiy yordam va statsionarlarga murojaatini sezilarli darajada kamaytirishga erishgan shifokorlarga yana 500 dollar, hamshiralarga esa yana 300 dollar qo‘shimcha bonus to‘lanadigan bo‘ldi.

Natijada, yuqori malakali va samarali ishlagan oilaviy shifokorlarning oyligi 1500 dollargacha, hamshiralarning oyligi esa 600-800 dollargacha yetadi.

Prezident bu islohotlarning asosiy maqsadi shifokorlar va hamshiralarning nafaqat oyligini oshirish, balki umuman inson qadrini yuksaltirish ekanligini alohida ta’kidladi.

Endilikda mahallalarda aholining salomatligi bilan bog‘liq har qanday og‘ir holat – infarkt, insult, onalar va bolalarning erta o‘limi, surunkali kasalliklar oqibatida kelib chiqqan nogironlik favqulodda holat sifatida qabul qilinadi.

Bu kabi o‘zgarishlar aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiyot xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishda tarixiy ahamiyat kasb etishi kutilmoqda. Tibbiyot sohasidagi bu o‘zgarishlar xalqimiz uchun uzoq kutilgan ijobiy yangilikdir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident tibbiyot sohasida katta o‘zgarishlar va’da qildi: shifokorlarning oyligi 1500 dollarga yetadi!