
Endilikda, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi.
Bu borada Hukumatning «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 313-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuziga va obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga doir ma’lumotlar Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi orqali yuritiladi.
Yagona ma’lumotlar bazasiga elektron reyestr sifatida quyidagilar kiritiladi:
- O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalaridan olingan ma’lumotlar;
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq readmissiya qilingan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va uning xorijdagi vakolatxonalaridan (vakillaridan) olingan ma’lumotlar.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4079-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi.
Bunda readmissiya qilingan fuqarolarga chet elga chiqishi uchun biometrik pasporti rasmiylashtirib beriladigan istisno holatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Ma’lumot uchun, readmissiya qilingan shaxslar — O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasidagi xalqaro kelishuvlar asosida, o‘z ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar hisoblanadi. Ya’ni, agar biror o‘zbekistonlik fuqaro chet elda noqonuniy qolgan, vizasi tugagan, deportatsiya qilingan shaxs O‘zbekiston tomonidan qabul qilinadi — bu jarayon readmissiya deb ataladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar