
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlangan edi. Bosh rejaga ko‘ra, poytaxtimiz hududi 3 ta – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan.
Jumladan, renovatsiya zonasiga eski, kam qavatli uylar, shaharsozlik va zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan binolar kiritilgan. Ular bosqichma-bosqich bartaraf etilib, bo‘shatilgan hudud zamonaviy loyihalar asosida qaytadan qurilishi ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda shu boradagi rejalar haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan. 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlar funsional jihatdan boyitiladi, aholi uchun sharoitlar yaxshilanadi, atrof obodonlashtiriladi. Natijada eski va zamonaviy mavzelar orasidagi tafovut bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi hamda ular o‘zaro uyg‘unlashtiriladi. Binolar kam maydonda qurilib, mavjud daraxtlar saqlab qolinadi, yangi yashil hududlar barpo etiladi.

Davlat rahbari bu loyihalarning shahar arxitekturasi va infratuzilmasiga mosligini chuqur o‘rganish, geologik va seysmik tahlillar asosida xavfsizlik jihatidan takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Turar joylar maktab-bog‘cha kabi ijtimoiy muassasalar, dam olish sharoitlari bilan hamohang bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Shaharning “o‘pkasi” daraxtzorlar bo‘lsa, ariq va kanallar uning “qon tomiri”. Prezident ko‘rsatmasi bilan, yangi bosh rejada bu masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlarni 3 karra ko‘paytirib, 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan. Bu, o‘z navbatida, suv yo‘llarini yaxshilashni talab etadi.
Taqdimotda shahar irrigatsiya va drenaj tarmoqlarining yangi bosh reja bilan uyg‘unlashtirilgan tizimi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, 2030 yilgacha 100 kilometr kanallar rekonstruksiya qilinib, atrofida sayilgohlar tashkil etiladi.

Turkiyaning Su-yapi engineering and consulting kompaniyasi bilan birga drenaj tarmoqlaridagi muammolar o‘rganilgan. Aerofoto, geodeziya va yog‘ingarchilik tahlili asosida bu tarmoqlarni yangilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqilgan. O‘tgan yili 45 ta suv toshqini hududlari bartaraf etilgan. Bu yil yana 34 ta joyda shunday ishlar bajariladi.
Prezident bu ishlarni davom ettirib, qamrovini yana-da oshirish, shu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbariga Toshkent shahrida investitsiya loyihalarining holati haqida ham axborot berildi.
Poytaxtda umumiy qiymati 25 milliard dollarlik 717 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. 2025 yilda shundan 7 milliard 500 million dollari o‘zlashtirilib, 265 ta loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Bularning natijasida turar joylar, savdo va ko‘ngilochar majmualar qurilib, sanoat korxonalari tashkil etiladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
ToshkentRenovatsiyaInvestitsiya LoyihaYashil HududlarBosh RejaShahar Arxitekturasi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar