date
views 97

O‘zbekistonlik yosh kimyogarlar xalqaro olimpiadada rekord darajadagi muvaffaqiyatga erishdi!

O‘zbekistonlik yosh kimyogarlar xalqaro olimpiadada rekord darajadagi muvaffaqiyatga erishdi!
So‘nggi yillarda mamlakatimiz yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida tobora yuqori natijalarni qayd etib, yurtimiz sharafini dunyo arenasida munosib himoya qilib kelmoqda. Bu safar Braziliyada tashkil etilgan nufuzli 59-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida ham o‘zbek yoshlari yorqin zafarga erishdi va jamoamiz yurtimizga tarixiy natijalar bilan qaytdi.

Mazkur xalqaro musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari jami 7 ta medalni qo‘lga kiritishdi va oldingi yillarga nisbatan sezilarli darajada o‘sishni namoyish etishdi. Ayniqsa, medallarning sifati ham bu gal misli ko‘rilmagan darajada yuqori bo‘ldi — uchta oltin, ikkita kumush va ikkita bronza medallari o‘zbekistonlik yoshlarning iqtidorini yaqqol namoyish qilib berdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2024 yildagi olimpiada natijalari ham yomon bo‘lmagan — o‘shanda yoshlarimiz bir kumush va to‘rt bronza bilan yurtimizga qaytishgan edi. Lekin bu yilgi natijalar o‘tgan yilgidan ancha yaxshiroq ekani, milliy jamoamizning xalqaro miqyosdagi reytingi oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Bu yutuqlar ortida, albatta, o‘quvchilarning bilimga bo‘lgan chuqur ishtiyoqi, kuchli intilishi hamda ularni shu darajaga yetkazgan malakali ustozlarning tinimsiz va samarali mehnati yotibdi. O‘zbekistonlik o‘quvchilar har yili o‘z iqtidorlari, tafakkuri va ilmiy dunyoqarashi bilan dunyo ahliga o‘rnak bo‘lib bormoqda.

Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi kabi nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritilgan har bir medal mamlakatimiz yoshlarining ilm-fan sohasidagi ulkan salohiyatini namoyish etibgina qolmay, O‘zbekistonni xalqaro ilmiy doiralarda yanada yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Mazkur olimpiada g‘oliblari, davlatimiz tomonidan katta miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bu esa yurtimizda fan va bilimga qiziquvchi, o‘z qobiliyatini namoyon etgan yosh iste’dodlarga davlat tomonidan e’tibor va g‘amxo‘rlik naqadar katta ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Zamin.uz tahririyati olimpiadada yutuqlarni qo‘lga kiritgan barcha yoshlarimizni samimiy tabriklaydi va kelajakda ham katta muvaffaqiyatlar tilaydi! Ilm yo‘lida zafarlaringiz ko‘p bo‘lsin!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonlik yosh kimyogarlar xalqaro olimpiadada rekord darajadagi muvaffaqiyatga erishdi!