date
views 322

Usta dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi subsidiya va grant tizimi joriy etildi

Usta dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi subsidiya va grant tizimi joriy etildi
O‘zbekistonda dehqon va tomorqa egalarini yanada rag‘batlantirish, ularning mehnatini samarali tashkil etish maqsadida moliyaviy yordam berishning yangi tizimi amalga kiritilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hukumatning 2025 yil 13 may kuni qabul qilgan qarori bilan "Dehqon va tomorqa egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizomga muvofiq, maxsus jamg‘arma hisobidan dehqon va tomorqa egalari uchun subsidiya va grantlar ajratish belgilangan.

Yangi nizomda quyidagi yo‘nalishlarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatiladi:
  • Har yili mamlakat bo‘yicha 500 ta mahallada eng ilg‘or, namunaviy va innovatsion loyihalarni amalga oshirgan usta dehqonlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 100 baravarigacha bo‘lgan grantlar taqdim etiladi.
  • Qishloq xo‘jaligi sohasidagi bilimlarni kengaytirish maqsadida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil qilgan va o‘z bilimini boshqalar bilan baham ko‘rgan usta dehqonlarga har bir kurs uchun BHMning 15 baravarigacha subsidiya beriladi.
  • Mahalladagi xonadonlarning kamida yarmida eksportbop mahsulot yetishtirishni tashkillashtirgan va shu orqali mahalla iqtisodiyotini yuksaltirgan usta dehqonlarga 100 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Mazkur subsidiyalarni oladigan usta dehqonlar “mahalla yettiligi” tomonidan o‘tkazilgan xatlov asosida aniqlanadi. Bu jarayonda mahalla fuqarolari o‘rtasidagi tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shilgan hissa, amaliy natijalar va samaradorlik inobatga olinadi.

Subsidiya olish uchun takliflarni vakolatli vazirlik 10 ish kuni davomida ko‘rib chiqib, eng munosib nomzodlarni saralab oladi. So‘ngra hududiy mehnat organlari subsidiya mablag‘larini bir ish kuni ichida “Onlayn mahalla” platformasi orqali usta dehqonlarning shaxsiy bank kartalariga o‘tkazib beradi.

Ushbu yangi tizim orqali mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or tajribalarni yanada kengaytirish, aholining daromadini oshirish va eksport salohiyatini yuksaltirish maqsad qilingan.

Zamin.uz tahririyati mamlakatimiz dehqonlariga omad va serhosillik tilaydi!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Usta dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi subsidiya va grant tizimi joriy etildi