
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga rasmiy tashrifi 20 may kuni Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshlandi.
Vengriya tomonidan “OTP Bank”, “BDPST Group”, “4iG”, “Indotek”, “MVM”, “Duna Group”, “MOL Group”, “H2O Consortium”, “Inpark”, “Wizz Air” va boshqa ko‘plab kompaniyalarning top-menejerlari va ta’sischilari ishtirok etdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida rasmiy tashrif Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvdan boshlanayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.
Vengriyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari jadal o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Masalan, “OTP Bank” O‘zbekistonning yirik banklaridan birini sotib olib, mamlakatimiz moliya bozorida barqaror o‘rin egalladi.
Kompaniyaning avtokreditlashni rivojlantirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish, biznesni moliyalashtirish dasturini yo‘lga qo‘yish, yirik parrandachilik klasterini qurish bo‘yicha yangi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu hududni boshqarish Vengriyaning “Inpark” operatoriga beriladi.
Prezident iqtisodiy sheriklikni kengaytirish maqsadida qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarning istiqbolli bozorlariga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, xususan, yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari Vengriya kompaniyalarining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishini yuksak baholadi. O‘z navbatida, biznes vakillari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va rejalarini bildirdi.
Uchrashuvda transport va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni barpo etish, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

So‘zining yakunida davlat rahbari bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishni taklif etdi.
- Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbir yakunida davlat rahbari huzurida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar almashish marosimi bo‘ldi.
VengriyaO‘zbekistonPrezidentShavkat MirziyoyevInvestitsiyalarHamkorlikUchrashuvBiznesTransport O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar