date
views 6 325

Yerdagi 66 soatlik kuchli magnit bo‘roni barham topdi

Yerdagi 66 soatlik kuchli magnit bo‘roni barham topdi
Yer sayyorasida uzoq davom etgan va jahon bo‘ylab millionlab odamlar diqqat markazida bo‘lgan kuchli magnit bo‘roni o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Koinot tadqiqotlari institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, magnit bo‘roni yakshanba kuni boshlangan va 66 soat davom etgan. U o‘z avjiga chiqqan vaqtda G4 — ya’ni juda kuchli darajaga yetgan. Bayonotda: “Magnit bo‘roni yakunlandi, geomagnit ko‘rsatkichlar yana xavfsiz – yashil diapazonga qaytdi”, — deya bildirilgan.

Quyosh shamolining Yerga yaqin qismlaridagi faollik darajasi ancha past bo‘lgani sababli, mutaxassislar bu kabi kuchli geomagnit buzilishlar yaqin orada yana takrorlanishi ehtimoli juda kamligini ta’kidlamoqda.

Ushbu bo‘ron 2017 yil aprel oyida qayd etilgan 69 soatlik bo‘rondan so‘ng so‘nggi yetti yilda kuzatilgan eng uzoq davom etgan geomagnit buzilishlar silsilasi sifatida qayd etildi. Ushbu holat global aloqa, navigatsiya tizimlari, hatto inson salomatligiga ham muayyan ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi.

Ma’lumot uchun, Yer atrofidagi magnit maydon buzilish darajasi G1dan G5gacha bo‘lgan besh ballik shkala orqali baholanadi. G1 – yengil, G5 esa ulkan kuchli bo‘ronlar toifasiga kiradi.

Astronomlar va meteorologlar so‘nggi kunlarda butun dunyo bo‘ylab yuzaga kelgan noodatiy tabiiy faollik haqida ogohlantirib kelayotgan edi. Endi esa Yerning magnit muhiti yana barqaror holatga qaytmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yerdagi 66 soatlik kuchli magnit bo‘roni barham topdi