date
views 883

Italiya o‘zbekistonliklar uchun 1500 ish o‘rniga kvota ajratdi

Italiya o‘zbekistonliklar uchun 1500 ish o‘rniga kvota ajratdi
Italiya hukumati 2026 yildan boshlab o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun 1500 ta ish o‘rnini rasman ajratishini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi orqali tarqatilgan rasmiy xabarda ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu imkoniyat muhandislik, turizm va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda kadrlarga bo‘lgan yuqori talab bilan bog‘liq. Italiya tomoni aynan shu sohalarda yetarli malakaga ega bo‘lgan ishchi kuchini jalb etishni ko‘zlamoqda.

Bu masala Italiya bosh vaziri Jorja Melonining joriy yilda mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan Migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi asosida amalga oshirilmoqda.

Memorandum – ikki tomonlama manfaatli hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi migratsiya siyosatidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilayapti. Ayni vaqtda, memorandumni amaliyotga joriy etish, uning mazmun va mexanizmlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Italiya elchisidan muhim bayonot

Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Piyergabriyele Papadia de Bottini mazkur kelishuvni tarixiy deb atadi va quyidagicha izoh berdi:

“Imzolangan Anglashuv memorandumi – ikki tomonlama munosabatlarda juda muhim hujjat. Ustidan ancha ishlangan, endi uni tezroq hayotga tatbiq etish tarafdorimiz. Migratsiya bugungi kunda muhim strategik yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekiston esa bu sohada o‘zining to‘plagan boy tajribasi bilan Markaziy Osiyodagi boshqa hamkorlar uchun namuna sifatida xizmat qilmoqda.”

Italiyaning ushbu qarori nafaqat ish izlayotgan o‘zbekistonliklar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi, balki ikki davlat o‘rtasidagi ishchi migratsiyasini tartibli va samarali yo‘lga qo‘yishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Kelgusida bu kabi loyihalar soni va qamrovi yanada kengayishi ehtimoldan xoli emas.

Ijobiy natijalar esa ikki davlat munosabatlarining mustahkam asoslar ustida qurilayotganidan dalolat beradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Italiya o‘zbekistonliklar uchun 1500 ish o‘rniga kvota ajratdi