date
views 97

“Sukuti ayb emas”: yangi qonun inson huquqlarini mustahkamlaydi

“Sukuti ayb emas”: yangi qonun inson huquqlarini mustahkamlaydi
2025 yil 9 iyun kuni mamlakatimiz huquqiy tizimida muhim qadam tashlandi — qator qonun hujjatlariga ahamiyatli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi qabul qilingan qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada kafolatlashga qaratilgan bo‘lib, ayniqsa, jinoyat-protsessual va sud organlariga oid normalar yangicha ruhda shakllantirildi.

Eng avvalo, Jinoyat-protsessual kodeksida muhim o‘zgarish qayd etildi — endilikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi shaxs har qanday bosqichda sukut saqlash huquqidan erkin foydalanishi mumkin. Bu esa uning himoyada bo‘lish huquqini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat: shaxs tomonidan aybini tan olishi endi faqatgina bir dalilga asoslanadigan holatda uni aybdor, deb topish uchun yetarli asos hisoblanmaydi. Bu norma ayblovchilarning ishonchli va bir nechta mustaqil dalillar asosida harakat qilishi zarurligini belgilab beradi.

Bundan tashqari, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda ham tub yangiliklar bor. Endilikda sudyalar faqat qonunda aniq ko‘rsatilgan holatlarda va tartibda vazifadan chetlatilishi, vakolatlari to‘xtatilishi yoki boshqa lavozimga o‘tkazilishi mumkin. Shuningdek, sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor hisoblanmaydi.

Bu o‘zgarishlar sudya mustaqilligi va odil sudlovga nisbatan jamiyat ishonchini yanada mustahkamlaydi. Demak, sud organlari endi tashqi ta’sirlardan xoliroq, har qanday ishga faqat qonun asosida yondashadi.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan sanadan boshlab kuchga kirdi va amaliyotda o‘z ta’sirini ko‘rsatishni boshladi. Umid qilamizki, ushbu yangiliklar mamlakatimizda inson huquqlari, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda yana bir muhim bosqichga aylanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » “Sukuti ayb emas”: yangi qonun inson huquqlarini mustahkamlaydi