
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi, mahalliy darajadagi boshqaruv tizimining holati va xalqni o‘ylantirayotgan masalalar muhokama etildi. Yig‘ilish davomida tumanlardagi boshqaruv tizimi tanqid qilindi va uni tubdan o‘zgartirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Prezident tuman darajasidagi boshqaruvning samarasizligini keskin tanqid qilib, yuqoridan berilgan topshiriqlar pastdagi bo‘g‘in samarali ishlamasa, natijaga olib kelmasligini bildirdi. Masalan, tumanlarda faoliyat yuritayotgan kadrlarning oylik maoshi vazirliklarnikiga nisbatan 3–4 barobar kam bo‘lib, bu esa kadrlar qo‘nimsizligiga olib kelmoqda.
Prezident ta’kidlaganidek, tuman hokimlariga yuzdan ortiq qonun va qarorlar bilan qariyb 500 ta funksiya yuklatilgan bo‘lsa-da, ularning ko‘p qismi haqida xabardor emaslar. Buning sababi esa, hokim va uning o‘rinbosarlari ish vaqtining 40 foizini faqat yig‘ilish o‘tkazishga sarflashmoqda. Shtatlar taqsimoti va kadrlar siyosati bo‘yicha hokimlar hali ham mustaqil qaror qabul qila olmayapti. Bunday tizim hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Yig‘ilishda prezident tomonidan boshqaruv tizimida tub o‘zgarishlar joriy etilishi ma’lum qilindi. Ushbu yangicha yondashuv yil yakuniga qadar avval Surxondaryoda to‘liq sinovdan o‘tkaziladi, shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va boshqa viloyatlardagi 15 ta tanlangan tuman va shaharda, jumladan Toshkent shahrining Bektemir tumanida ham joriy etiladi.
Prezident Sirdaryo tumanidagi modelni namuna sifatida ko‘rsatib o‘tdi. Unga ko‘ra, tuman hokimligi tarkibiga 9 ta vazirlik va idoralar (iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, ayollar, yoshlar ishlari)ning mahalliy bo‘limlari to‘liq integratsiya qilinadi. Hokim mazkur idoralar shtati va faoliyatini to‘liq boshqaradi, ishga olish va bo‘shatish masalasini mustaqil hal etadi.
Sirdaryo tumanida tuman ixtiyorida qoladigan mablag‘ manbalari kengaytiriladi. Bunga ma’muriy jarimalar, davlat xizmatlaridan tushgan daromadlar va boshqa manbalar kiradi. Bu orqali tumanda yiliga qo‘shimcha 12 milliard so‘m qolishi kutilmoqda.
Shuningdek, hokim 4 nafar o‘rinbosarga ega bo‘ladi va ularning vazifalari tumanning rivojlanish strategiyasiga mos holda aniqlanadi. Masalan, Sirdaryo hokimi turizm, logistika va servisni ustuvor yo‘nalish sifatida tanlab, birinchi o‘rinbosarini aynan shu sohalar uchun javobgar etib tayinlashi mumkin.
Ularning har biriga aniq KPI (kalit ko‘rsatkichlar) belgilanadi. Agar bu ko‘rsatkichlar bajarilsa, keyingi yilda hududga ajratiladigan mablag‘lar 10–15% ko‘paytiriladi. Aks holda, mablag‘ oshirilmaydi va mas’ul rahbarlar almashtiriladi.
Bu islohotlar mahalliy boshqaruvni markazlashtirish emas, balki tumanlar darajasidagi mustaqillik va samaradorlikni oshirishni ko‘zda tutadi. Prezidentning ushbu yangi tizimi mahalliy islohotlarning amaliy natijalarini ko‘rish, xalq dardini yechish va tumanlar rivojiga jon baxsh etishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar