date

Endi «beshtalik»dagi oliygohlarga kirolmagan abituriyentga oltinchi imkoniyat beriladi

Endi «beshtalik»dagi oliygohlarga kirolmagan abituriyentga oltinchi imkoniyat beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar uchun muhim bo‘lgan ta’lim sohasida yana bir yangi va istiqbolli tashabbusni e’lon qildi. Davlat rahbari ta’lim tizimida adolat va teng imkoniyatlarni ta’minlash uchun olib borilayotgan islohotlar doirasida yangi yo‘l xaritasini ochiqladi.

Endilikda abituriyentlar oliy ta’limga kirish jarayonida 5 ta oliy ta’lim muassasasini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa yuqori ta’lim sohasida keskin burilish, katta qadam va jiddiy imkoniyat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezident ta’kidlaganidek, “buni yanada kengaytirish niyatdamiz”. Ya’ni, bu tizim kelajakda yanada mukammallashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. Yangi tizim doirasida, agar abituriyent 5 ta oliygohdan birortasiga to‘g‘ri kelmasa, lekin uning to‘plagan balli boshqa oliy ta’lim muassasasidagi bo‘sh o‘ringa mos kelsa, o‘sha oliygohning rektori uni shartnoma asosida qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Bu orqali davlat va xususiy sektor o‘rtasida sog‘lom raqobat shakllanadi, bu esa sifati yuqori ta’limni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.

Davlat rahbari ta’lim muassasalarida rektorlar vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish zarurligini ham ta’kidladi. Yangi tizim doirasida rektorlar o‘zlari tayinlaydigan o‘rinbosarlarning yillik dasturlarini oliygoh kengashida himoya qildirishi shart bo‘ladi.

Yana bir muhim yangilik — Yangi O‘zbekiston universitetida qo‘llanayotgan baholash tizimi endilikda boshqa barcha oliygohlarda ham joriy etiladi. Moliyalashtirish, ya’ni davlat tomonidan beriluvchi mablag‘ miqdori esa har bir universitet to‘plagan ball asosida amalga oshiriladi.

Ushbu balllar qanday aniqlanadi? Bitiruvchilarning ishga joylashish darajasi uchun 40 ball, ilmiy tadqiqotlar va mahsulot sotuvi uchun 30 ball, xalqaro jurnallardagi maqolalar va ilmiy salohiyat uchun 20 ball, mahalliy va xalqaro grantlarni jalb etish uchun esa 10 ball beriladi.

Masalan, Qarshi texnika universiteti agar 85 foiz ball to‘plasa, unga davlat tomonidan ajratilgan 78 milliard so‘m mablag‘dan tashqari, yana 20 foiz qo‘shimcha bonus beriladi. Ammo agar u 56 foizdan kam to‘plasa, keyingi yilgi mablag‘ kamaytiriladi.

Bunda ijtimoiy yo‘nalishdagi (masalan, Madaniyat, Konservatoriya) va ilmiy oliygohlar (Milliy universitet, Irrigatsiya universiteti) maxsus mezonlar asosida baholanishi, ularni texnik muassasalar bilan tenglashtirib bo‘lmasligi alohida qayd etildi.

Prezident mutaxassislarga reyting mezonlarini ana shu farqlarni inobatga olgan holda qayta ishlab chiqish vazifasini yuklatdi.

Qolaversa, yangi tartib asosida bitiruvchilarni ishga joylashtirishda “o‘zini o‘zi band qilgan” shaxslar inobatga olinmaydi.

Yana bir jiddiy tashabbus — rektorlar va prorektorlar maxsus tayyorlov kurslari orqali yetishtiriladi. Bu borada eng yaxshi natija ko‘rsatgan nomzodlar malaka oshirish uchun dunyo miqyosidagi yetakchi ta’lim maskani — Garvard universitetiga yuboriladi.

Shuningdek, rektorlarga superkontrakt miqdorini o‘zlari tabaqalashtirib belgilash, professor-o‘qituvchilarni shtat bo‘yicha erkin taqsimlash, o‘z budjetini o‘zi boshqarish kabi mustaqilliklar beriladi.

Shu tariqa, Yangi O‘zbekiston ta’lim tizimida jiddiy o‘zgarishlar boshlanmoqda. Bu islohotlar nafaqat yoshlar, balki ta’lim muassasalari rahbarlari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Endi «beshtalik»dagi oliygohlarga kirolmagan abituriyentga oltinchi imkoniyat beriladi