date

Yengil sanoatni yangi bosqichga olib chiqadigan agentlik tashkil etildi

Yengil sanoatni yangi bosqichga olib chiqadigan agentlik tashkil etildi

Jahondagi savdo qoidalari tez o‘zgarib, logistika zanjirlaridagi uzilishlar barqaror to‘xtamayotgan bir paytda, to‘qimachilik tarmog‘ini samarali rivojlantirish uchun alohida va ilg‘or yondashuvlar talab etilayotgani ta’kidlandi. Davlat rahbari shunday sharoitda yangi institut – Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishini e’lon qildi.

Agentlikning maqsad va vazifalari

Yangi tuzilma to‘qimachilik, charm va ipak sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hamda eksport salohiyatini kuchaytirishga mas’ul bo‘ladi. Agentlik rahbarligiga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov tayinlandi.

Agentlik qoshida tajribali va nufuzli tadbirkorlardan iborat kengash tuziladi. Shuningdek, u maxsus jamg‘armaga ega bo‘ladi va to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘lar aynan shu jamg‘arma orqali ajratiladi. Jamg‘armaga 200 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi.

Rivojlanish strategiyasi va amaliy choralar

Davlat rahbari agentlikka tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ishlab chiqarish va eksportda tannarxni pasaytirish bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqishni topshirdi. Shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini ikki baravarga oshirish, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish va tarmoqda kooperatsiyani kengaytirish vazifasi qo‘yildi.

Xalqaro konsultantlar bilan hamkorlikda to‘qimachilik sanoatini 2030 yilga qadar rivojlantirish dasturi tayyorlanadi. Bundan tashqari, charm, ipak va gilamchilik tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham aniq takliflar kiritilishi kerak bo‘ladi.

Davlat rahbarining ogohlantirishi

Prezident yig‘ilishda mas’ullarga murojaat qilib shunday dedi:

“Hokimlar, klasterlar va to‘qimachilik korxonalari rahbarlari bir narsani anglab olishi shart — hozirgi sharoitda budjetga 1 so‘m qo‘shimcha tushum olib kelish qanchalik qiyinligini bilgan tushunadi. Bugun aytilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini pulga chaqsak, bu 7 trillion so‘mga teng. Endi shu yordamga yarasha natija ham bo‘lishi zarur.”

Nazorat va mas’uliyat

Yig‘ilish yakunida belgilangan barcha vazifalar ijrosi ustidan qat’iy va tizimli nazorat o‘rnatilishi aytildi. Yangi agentlik va uning kengashi davlat qo‘llab-quvvatlashini samarali ishlatib, to‘qimachilik va yengil sanoat tarmoqlarini raqobatbardosh darajaga olib chiqishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yengil sanoatni yangi bosqichga olib chiqadigan agentlik tashkil etildi