date

O‘zbekistonning yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo‘shilishiga qancha vaqt ketadi?

O‘zbekistonning yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo‘shilishiga qancha vaqt ketadi?

Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha “Tadbirkorlik, texnologiya va innovatsiyalar orqali o‘sishni tezlashtirish” hisobotini e’lon qildi. Unda mintaqadagi rivojlanayotgan davlatlar aholiga to‘g‘ri keladigan daromad bo‘yicha qaysi muddatda yuqori daromadli davlatlar qatoriga kirishi haqida bashorat berilgan.

Prognozlar va raqamlar

Jahon banki 2023 yildagi yuqori daromadli davlatlar chegarasini — aholiga to‘g‘ri keladigan 14 005 dollarlik daromadni maqsad sifatida belgilagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Qozog‘iston va Turkmaniston ushbu chegaraga 40 yilda, Qirg‘iziston 70 yilda yetishi mumkin. O‘zbekiston va Tojikiston esa 100 yildan ortiq vaqtda bu marraga yetib borishi ehtimol qilingan.

Ekspert Mirkomil Xolboev ta’kidlaganidek, prognozlar so‘nggi 10 yillik o‘rtacha o‘sishga asoslangan va bu hisobga pandemiyadagi pasayish ham, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda davr boshidagi chuqur retsessiyalar ham ta’sir qilgan. Xolboevning qayta hisob-kitoblariga ko‘ra, pandemiyadan keyingi o‘sish sur’atlarini inobatga olsak, Qozog‘iston 2026 yildayoq 14 ming dollarlik chegaradan o‘tishi mumkin. Turkmaniston 2034 yilda, Tojikiston 2037 yilda, O‘zbekiston esa 2042 yilda bu ko‘rsatkichga yetishi kutilmoqda.

Mavjud holat va daromadlar dinamikasi

2024 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 896,3 trillion so‘mga teng bo‘ldi. Bu nominal hisobda 18,5 foizga o‘sish, inflyatsiyani hisobga olgan holda esa 8,1 foizlik real o‘sishni anglatadi. Jon boshiga umumiy daromad 20 mln so‘mdan 24,1 mln so‘mga (oyiga taxminan 2 mln so‘m) ko‘tarildi. O‘rtacha yillik dollar kursi 12 500 so‘m deb hisoblanasa, bu 1,6–1,9 ming dollar atrofidadir.

Jahon banki hisobotidan boshqa muhim nuqtalar
  • 2025 va 2026 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining 5,9% atrofida o‘sishi kutilmoqda.

  • 2024 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga shaxsiy pul o‘tkazmalari 30% ga o‘sib, 15 mlrd dollarga yaqinlashdi.

  • Pul o‘tkazmalari YAIMning katta ulushini tashkil etadi: Tojikistonda deyarli 40%, Qirg‘izistonda 20%dan ortiq, Kosovoda 18% atrofida. O‘rtacha ko‘rsatkich — 7%.

  • Pul o‘tkazmalari bo‘lmaganda, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi ikki barobar yuqori bo‘lar edi.

  • O‘zbekiston xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda turibdi.

  • 2024 yilda byudjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3,3% bo‘ldi, bu ko‘p jihatdan energiya subsidiyalarini qisqartirish hisobiga amalga oshgan.

Xulosa

Hisobot ma’lumotlari shundan dalolat bermoqdaki, O‘zbekiston yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo‘shilish yo‘lida uzoq muddatli va izchil iqtisodiy islohotlarga muhtoj. Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yuqori darajada ushlab turish, eksport salohiyatini kengaytirish va innovatsiyalarga sarmoya kiritish bu yo‘lda hal qiluvchi omillardan biri bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonning yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo‘shilishiga qancha vaqt ketadi?