O‘zbekiston tarixida muhim voqea sifatida qayd etilgan Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning ilk davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida 15 ta muhim hujjat imzolandi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi haqida e’lon qilindi. Tashrif chog‘ida eng katta voqealardan biri sifatida prezident Shavkat Mirziyoyev Iordaniya qirolligining eng yuksak mukofoti — «An-Nahda» ordeni bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar ushbu tashrif va mukofotning ahamiyati haqida fikr bildirib, uni tarixiy voqea sifatida baholadi:
— Samarqandda juda katta tarixiy uchrashuv bo‘ldi. Prezidentimiz Iordaniyaning eng yuksak ordeni — «An-Nahda» bilan mukofotlandi. Bu orden yuksak e’tiborga sazovor shaxslarga beriladigan alomat hisoblanadi, — dedi u.
Muftiy ta’kidlashicha, mazkur voqea O‘zbekistonning bugungi siyosati dunyoda namuna sifatida ko‘rsatilayotganidan dalolatdir:
— Prezidentimiz tashabbusi bilan nafaqat ichki siyosatimiz, balki qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda ham tubdan islohotlar amalga oshirilyapti. Oldingi yillar bilan hozirgi holatni taqqoslasak, farqni hamma ko‘rib turibdi. Avval yopiq davlat bo‘lgan O‘zbekiston endi keng maydonga chiqqan, qo‘shnilar bilan erkin aloqalar o‘rnatgan. Bu jarayon endi Yaqin Sharq va arab davlatlari bilan ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimizning uzoqni ko‘ra bilishlari va siyosiy irodasi bu jarayonga zamin yaratdi, — deya ta’kidladi shayx Nuriddin Xoliqnazar.
Muftiy fikricha, Iordaniya musulmon dunyosida o‘z nufuziga ega davlat sifatida O‘zbekiston uchun muhim hamkor hisoblanadi.
— Prezidentimiz arab davlatlari bilan munosabatlarni kuchaytirdi. Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar bilan yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Bu nafaqat iqtisodiy yoki siyosiy sohada, balki diniy va ma’naviy hamkorlikka ham katta hissa qo‘shadi. Shuning uchun bu orden nafaqat prezidentimizga, balki butun o‘zbek xalqiga berilgan ulkan sharafdir. U O‘zbekiston rahbarining jahon miqyosida o‘z o‘rnini topganini anglatadi, — dedi u.
Shu tariqa, Iordaniya podshohining tashrifi nafaqat ikki davlat munosabatlarini mustahkamladi, balki O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi nufuzini yanada oshirdi.
Muftiy O‘zbekistonning xalqaro aloqalari kengayayotgani haqida gapirdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar