date

Chegaradagi fojiali voqea yuzasidan rasmiy xulosa berildi

Chegaradagi fojiali voqea yuzasidan rasmiy xulosa berildi

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarolari o‘limi bilan yakunlangan voqeada ularga nisbatan qurol ishlatgan o‘zbekistonlik chegarachilarning harakatlari qonun doirasida va asosli deb baholandi.

Tafsilotlarga ko‘ra, 15-avgust kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Ugam-Chotqol qo‘riqxonasi yaqinida chegara hududida ikki nafar noma’lum shaxsning harakatlanishi aniqlangan. Chegara xizmatchilari o‘z vakolatidan kelib chiqib, ularga to‘xtash haqida talab qo‘ygan. Biroq shaxslar buyruqqa itoat etmasdan qochishga urinishgan.

Shundan so‘ng qoidalarga muvofiq, chegarachilar avval osmonga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi o‘q uzishgan. Biroq ular qonuniy talablarga bo‘ysunmay, davlat chegarasi yo‘nalishi tomon harakatni davom ettirgan. Vazirlik axborotiga ko‘ra, so‘nggi chora sifatida qurol ishlatishga to‘g‘ri kelgan.

Hodisa natijasida ikki shaxs og‘ir yaralanib, harbiy xizmatchilar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, voqea joyida halok bo‘lgan. Ko‘rik jarayonida bir dona chodir, uch bosh ot, oziq-ovqat mahsulotlari hamda yashirinishga ulgurgan uchinchi shaxsning izlari topilgani ma’lum qilindi.

Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, voqea yuzasidan shu kunning o‘zida Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegara xizmatlari xabardor qilingan. 31-avgust kuni halok bo‘lgan shaxslar Qirg‘iziston fuqarolari ekanligi aniqlanib, ularning jasadlari qarindoshlariga topshirilgan.

Shuningdek, 2–3-sentyabr kunlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara idoralari rahbarlari kelishuviga ko‘ra, hodisa joyi ikki tomonlama ko‘zdan kechirilgan. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida chegara naryadining harakatlari O‘zbekiston qonunchiligi doirasida amalga oshirilgani, halok bo‘lgan shaxslar davlat chegarasini buzgani hamda uchinchi shaxsning Qirg‘iziston hududiga qaytib, yashirinishga ulgurgani komissiya tomonidan rasman tasdiqlangan.

Shu bilan birga, qochgan shaxsni aniqlash va tegishli chora ko‘rish yuzasidan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida ikki mamlakat chegara oldi hududlarida istiqomat qiladigan aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, murakkab tog‘li hududlarda qo‘riqlash va hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olingan.

Bu voqea, ikki davlat chegaradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kelgusida shunday fojiali holatlarning oldini olish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Chegaradagi fojiali voqea yuzasidan rasmiy xulosa berildi