Transport vazirligi Shota Rustaveli ko‘chasida olib borilayotgan keng ko‘lamli rekonstruksiya va modernizatsiya ishlarining dastlabki natijalari e’lon qilindi. Mutahassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, loyiha to‘liq yakunlangach, yo‘lovchi tashish hajmi kun davomida qariyb 300 ming kishiga yetadi va transport harakati sezilarli darajada osonlashadi.
Yangi tizim doirasida avtobus yo‘nalishlari soni 40 foizga ko‘payib, kundalik reyslar soni 2 mingdan 2,8 ming martabagacha yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa yo‘lovchi oqimi va yuk tashish imkoniyatini ikki barobar oshirishga zamin yaratadi.
Rekonstruksiya yakunlangach, yo‘lovchilar uchun sayohat vaqti ham sezilarli darajada qisqaradi: o‘rtacha sayohat vaqti 25 daqiqadan 18 daqiqagacha kamayadi, avtobuslarning o‘rtacha tezligi esa 18,5 km/soatdan 23,6 km/soatgacha oshiriladi. Shuningdek, harakat intervali taqriban 7 daqiqani tashkil qiladi, bu yo‘lovchilar uchun qulaylik va vaqt tejash imkoniyatini yaratadi.
Ko‘chadagi infratuzilma ham tubdan yangilanadi: 11 ta yangi avtobus bekati, 500 ga yaqin zamonaviy avtoturargoh, velosiped yo‘laklari, 21 ta piyoda va veloyo‘lak o‘tish joylari barpo etiladi. Yo‘l tarkibida 10 ta harakat yo‘lagining 6 tasi avtomobillar uchun, 2 tasi avtobuslar uchun, qolgan 2 tasi esa to‘xtash joylari va yo‘lovchilar xavfsizligi uchun mo‘ljallangan.
Transport vazirligi ma’lum qilishicha, rekonstruksiya yakunlangach, avtobuslar harakat jadvali qayta optimallashtiriladi, tirbandliklarning oldini olish, yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay transport xizmatlarini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!