date

Notariuslar faoliyatida yangi elektron qoidalar joriy etiladi

Notariuslar faoliyatida yangi elektron qoidalar joriy etiladi

Yurtimizda notarial xizmatlar ko‘rsatish tartiblari bosqichma-bosqich yangilanmoqda. Hukumat qaroriga asosan, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab fuqarolar uchun bir qator yengilliklar amalga kiritiladi. Bu jarayon zamonaviy axborot texnologiyalari va elektron tizimlar orqali xizmat sifatini oshirish, inson omili ta’sirini kamaytirish hamda tezkorlikka erishishga qaratilgan.

Eng avvalo, nikoh shartnomalari bilan bog‘liq yangi qoida kuchga kiradi. 2025 yil 1 dekabrdan boshlab notariuslar tomonidan tuzilgan nikoh shartnomalarining nusxasi “Notarius” axborot tizimiga majburiy yuklanadi. Shu orqali ularning qog‘ozdagi aslini notariuslar tomonidan talab qilish amaliyoti bekor qilinadi. Bu o‘zgarish turmush qurish arafasidagi fuqarolar uchun ortiqcha yugur-yugur va qog‘ozbozlikni kamaytiradi.

Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni to‘liq qayd etiladi. Ya’ni, audio va videoyozuvlar maxsus elektron qurilmalarda saqlanib, ular to‘g‘ridan to‘g‘ri notarial harakat bilan bog‘lanadi. Bu jarayonlar ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab yana bir muhim o‘zgarish amalga kiritiladi. Endilikda notariusga shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish shart bo‘lmaydi. Fuqarolar shaxsi ularning hujjat rekvizitlari asosida axborot texnologiyalari orqali aniqlanadi. Shu bilan birga, biometrik ma’lumotlar — barmoq izi va Face-ID orqali tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu fuqarolar uchun qulaylik bilan birga, soxtalik holatlarini ham oldini oladi.

2026 yil 1 apreldan esa ko‘chmas mulkka oid barcha bitimlarda yangi tartib ishlaydi. Ya’ni, ko‘chmas mulk va unga oid ulushlar bilan bog‘liq shartnomalar notarius tomonidan elektron tarzda “Notarius” tizimi orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuboriladi. Shundan so‘ng ko‘chmas mulk obyekti rasmiy ro‘yxatdan o‘tganidan keyingina uning yangi egasi haqidagi ma’lumotlar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga avtomatik ravishda yuboriladi. Bu esa ma’lumotlar bazasidagi o‘zgarishlarni tezkor yangilash imkonini yaratadi.

Umuman olganda, mazkur yangiliklar notarial xizmatlar sohasida shaffoflik, tezkorlik va zamonaviy texnologiyalarning keng qo‘llanishini ta’minlab, aholining ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Notariuslar faoliyatida yangi elektron qoidalar joriy etiladi